Eng ilg‘or harbiy psixologlar aniqlandi

0
1026

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida xizmat faoliyatini olib borayotgan harbiy psixologlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va sog‘lom raqobat muhitini yaratish, shuningdek, ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonalarini namunali tarzda tashkil etish maqsadida qator sa’y-harakatlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “Eng ilg‘or harbiy psixolog” va “Ruhiy zo‘riqishlarni yechishning namunali xonasi” tanlovlarining Mudofaa vazirligi bosqichi o‘tkazildi.

Darhaqiqat, bugungi kunda harbiy psixologlar harbiy qism va muassasalarda ijtimoiy psixologik muhitni sog‘lomlashtirish, harbiy xizmatchilarning jipsligini ta’minlash, turli xil psixologik omillarning ular ruhiyatiga bo‘ladigan salbiy ta’sirini kamaytirish orqali   bo‘linmalarning jangovar shayligi va qudratini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Tanlovning yakuniy bosqichida harbiy okrug va qo‘mondonlik miqyosida birinchilikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarning sohaga oida bilimlari qayta sinovdan o‘tkazildi.

Respublikamizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari psixolog mutaxassislaridan iborat hay’at a’zolari musobaqa ishtirokchilarining har bir harakatini shaffoflik bilan baholab bordi.

Jumladan, psixologlar harbiy jamoalarda olib borayotgan ijtimoiy-psixologik tadbirlari haqida o‘z taqdimotlari orqali atroflicha ma’lumot berib, tanlov shartida belgilangan savollarga javob qaytardi.  Shuningdek, harbiy qismlarda tashkil etilgan ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonalari aks ettirilgan foto va videomateriallar ko‘rib chiqildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra,  “Eng ilg‘or harbiy psixolog” tanlovi bo‘yicha birinchi o‘rinni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda joylashgan harbiy qismlardan birining harbiy psixologi katta leytenant Behruz Murotov egallagan bo‘lsa, Markaziy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birining harbiy psixologi leytenant Jamshid Habibov taqdim qilgan “Ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonasi” oliy o‘ringa munosib ko‘rildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti