Qurolli Kuchlar turlari va qo‘shin turlarini jangovar qo‘llash tendensiyalari: muammolar va yechimlar

0
3401

Qurolli Kuchlar akademiyasida “Zamonaviy harbiy nizolarda Qurolli Kuchlar turlari va qo‘shin turlarini jangovar qo‘llash tendensiyalari: muammolar va yechimlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Bugungi kunda sun’iy intellekt, yangi axborot texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari va zamonaviy qurollarning rivojlanishi, “klassik” urushlar, insonlarning dunyoqarashi va jahondagi harbiy-siyosiy jarayonlarning jadallashuvi harbiy sohada taktika, operativ san’at va strategiya prinsiplarini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.

Uchrashuvda ana shu masalalarga urg‘u berilar ekan, zamonaviy qurolli to‘qnashuvlarning kelib chiqish omillari va sabablari o‘rganilib, qo‘shin turlarini jangovar qo‘llash asoslarini isloh qilish bo‘yicha dastlabki takliflar eshitildi. Bu borada kelajak taxminlari ham muhim ahamiyat kasb etdi, albatta.

Xorijiy ekspertlarning ta’kidlashicha, zamonaviy harbiy nizolar barcha fizik-geografik kengliklardan tashqari axborot-mafkuraviy va kiberkenglikda ham olib borilmoqda.  Bunday to‘qnashuvlar murakkab xarakterga ega bo‘lib, unda nafaqat armiya kuchlari, balki moliyaviy-iqtisodiy tuzilmalar, OAV, xalqaro va nodavlat tashkilotlar hamda xususiy harbiy kompaniyalar ham faol ishtirok etmoqda.

Yana shuni alohida aytib o‘tish kerakki, davlat xavsizligiga yangi tahdidlar, terrorizm va radikalizm, kiberxuruj, axborot-psixologik urushlar, iqlimning keskin o‘zgrishi, tabiiy va texnogen ofatlar hamda pandemiya har bir davlatni o‘z Qurolli Kuchlarining an’anaviy funksiyalarini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda.

Davra suhbati davomida so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida bo‘lib o‘tgan va davom etayotgan qurolli nizolar, ularda qo‘shinlarning o‘ziga xos harakatlari va harakat chog‘ida duch kelingan muammolar, yo‘l qo‘yilgan xatolar atroflicha tahlil qilindi.

Shuningdek, o‘rganilgan dastlabki natijalar bo‘yicha tegishli xulosalarga kelinib, milliy armiyamizning joriy holati bo‘yicha asosli farqlarga aniqlik kiritildi va kuzatilgan muammoli jihatlarni hal etish yo‘llari belgilab olindi.

Leytenant Muhammadjon XO‘JAYEV, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti