“Nuroniylar” sanatoriyasidagi keksalar holidan xabar olindi

0
787

“Nuroniylar” sanatoriyasida “Inson – inson uchun aziz” shiori ostida madaniy tadbir boʻlib oʻtdi. Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan boʻlib oʻtgan tadbir doirasida, harbiy xizmatchilar tomonidan sanatoriya atrofi kuzgi xazonlardan tozalanib, boʻsh joylarga daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Shundan soʻng sanatoriyada dam olayotgan keksa yoshdagi faxriylar uchun konsert dasturi namoyish etildi. Ayniqsa, muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan Diyor Qurbonov ijrosida doira zarblari oʻtirganlarga koʻtaringki zavq ulashdi. Otaxon va onaxonlar milliy musiqa asbobida chalingan kuyga beixtiyor raqsga tushishdi.

– Ota-ona hayot boʻlsa, farzand necha yoshga kirishidan qatʼi nazar, u hamon farzandligicha qoladi. Shuning uchun ham ularning qadriga yetish kerak, holidan xabar olish kerak – deydi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Davron Usmonov. – Biz bugun sanatoriyda dam olayotgan keksa avlod vakillari koʻnglini koʻtarishga harakat qildik. Ularning yuz-koʻzlaridagi quvonchni koʻrib, oldimizga qoʻygan maqsadimizga erishdik deb bemalol ayta olaman.

Tadbir soʻngida dam olayotgan keksalarning boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazishlari uchun ularga kitoblar sovgʻa qilindi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti