Fuqaro muhofazasi yoʻlida hamkorlikdagi harakatlar

0
660

Xabaringiz bor, respublikamizda 15-noyabrdan – 15-dekabrga qadar “Yongʻin xavfsizligi oyligi” deb eʼlon qilingan. Mazkur oylik doirasida yongʻin xavfsizligi xodimlari daxldor tashkilotlar bilan hamkorlikda koʻp qavatli aholi turar joylarida, ijtimoiy obyektlarda, ishlab chiqarish korxonalarida fuqarolar bilan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlar, gaz-havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolar is gazidan zaharlanishi va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan turli uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va yongʻin-taktik oʻquv mashq va mashgʻulotlari oʻtkazib kelmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari ishtirokida profilaktik tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga yongʻinlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yongʻin sodir boʻlganda harakatlanish tartib-qoidalari, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sogʻligiga jiddiy xavf solib kelayotgan iz gazidan zaharlanish va uning salbiy oqibatlari xususida batafsil tushunchalar berildi. Shuningdek, shartli ravishda sodir boʻlgan yongʻinni bartaraf etishda birlamchi yongʻin oʻchirish vositalaridan foydalanish amaliy tarzda koʻrsatildi.

Tadbir soʻngida mutaxassislar tomonidan yigʻilganlarni texnika xavfsizligi qoidalari, fuqaro muhofazasi, yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilish hamda maxsus yongʻin-qutqaruv texnika va asbob-anjomlari hamda vositalarining texnik-taktik xususiyatlari borasidagi qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti