Harbiylar va ularning oila aʼzolari 5000 qadam yurish marafonida ishtirok etdi

0
566

Yurtimizda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, aholining uzoq umr koʻrish davomiyligini taʼminlash dolzarb masalalardan biri boʻlmoqda. Ushbu koʻrsatkich insonlarning sogʻlom turmush tarzi va farovon hayoti tufayli taʼminlanadi.

Jismoniy tarbiya inson organizmi uchun nihoyatda foydali boʻlsa-da, biroq aksariyat kishilar ishi koʻpligini roʻkach qilib yoki erinchoqligi bois har doim ham jismoniy mashqlarni bajaravermaydi. Bundaylarga aslida mutaxassislarning fikriga koʻra piyoda yurish juda asqotadi. Chunki yayov yoʻl yurish koʻpgina xastaliklarning oldini oladi. Xususan, qon bosimi meyorlashishi, miya faoliyati yaxshilanishiga xizmat qiladi. Buning qanchalar ijobiy samara berishini esa piyoda yurishni odatiy mashgʻulotga aylantirgan kishilar juda yaxshi biladi. Yurish tana uchun tabiiy jismoniy jarayon hisoblanadi.

Shunday boʻlsa-da, aksariyat odamlar imkon qadar kamroq piyoda yurishga harakat qiladi. Insoniyat kamroq yurish uchun nimalar oʻylab topmadi deysiz! Eskolatorlar, liftlar, elektrosamakatlar, sigvey, avtomobillar va h.k. Vaholanki, ilmiy tadqiqotlarning koʻrsatishicha, aynan piyoda yurish – umrni uzaytirish uchun juda foydali mashgʻulot.

Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birining shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolari, Chilonzor tumani hokimiyati, Turizm va sport vazirligi, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hamda Yoshlar ishlari agentligi Chilonzor tumani boʻlimi hamkorligida “5000 qadam yurish” marafoni shu maqsadda tashkillashtirildi. Ushbu marafon jamiyatimizda olib borilayotgan tub islohotlarning amaliy debochasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Podpolkovnik Renat FATHUDDINOV