“Shimol qalqonlari”ning jangovar tayyorgarligi oshirilmoqda

0
1568

Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlarda jangovar tayyorgarlik rejasiga asosan ham nazariy, ham amaliy mashgʻulotlar malakali ofitser va yoʻriqchi serjantlar tomonidan yuksak saviyada olib borilib, harbiy xizmatchilarning sovuq ob-havo sharoitida matonat va irodasini toblash, qoʻyilgan oʻquv-jangovar vazifalarni sifatli bajarilishiga eʼtibor qaratilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy sarhadlarimizda bu yilgi qish mavsumi biroz sovuq kelganiga qaramay, garnizon otliq seksiyalari jangovar-xizmat otlari bilan amaliy mashgʻulotlarini doimgidek bajarib kelmoqda. Chavandozlik sirlarini mohir serjantlar koʻmagida oʻrganayotgan muddatli harbiy xizmatchilar jonivorlar yordamida toʻsiqlardan oʻtishni, harbiy anjom-aslaha va oʻq-dorilarni tashishni, jang olib borishni mashq qilib, bir necha oy davomida anchagina koʻnikmaga ega boʻlib qolgan. Harbiy qism hududida joriy yil ochilgan yangi kichik dala-quv maydoni hududidagi jangovar shaharchalarda erta tongdan yoʻnalishlar boʻyicha mashgʻulotlar qizgʻin boshlangan. Meteo-maʼlumotlarni oʻlchash maxsus asbobining bergan xabariga koʻra, ertalabdan havo harorati minus 21 darajani koʻrsatmoqda. Biroq ona tabiatimizning bunday injiqligi mashgʻulotga kelgan muddatli harbiy xizmatchilarga toʻsiq boʻla olmaydi. Maqsad aniq, niyat qatʼiy – rejadagi mashgʻulotlar oʻtkazilishi shart!

Qurollardan foydalanish, birgalikda jang maydonida harakatlanish, taktik vazifalarni bajarish, muhandislik tayyorgarligidan meʼyorlarni bajarayotgan yurt oʻgʻlonlarining qatʼiy maqsadi sabab havoning sovuqligi ularga sezilgani ham yoʻq.

Jangovar vazifalarni bajarishda boʻlinma tarkibida maxsus harakatlarni olib borish, choʻlda razvedka-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish, minalashtirilgan maydondan oʻtish hamda boshqa mashqlarni bajarayotgan serjantlar bir necha yillik xizmatlari davomida havoning injiqliklariga sabot bilan bardosh berishga koʻnikma hosil kilib boʻlgan. Mustahkam koʻnikma, kasbiy mahorat, metin iroda, albatta, mana shunday qiyin mashqlarda, murakkab vaziyatlarda toblanadi, sayqallanadi va natijada yuksaklikka erishiladi.

Jangda birinchi tibbiy yordam koʻrsatishning samaradorligi, albatta, jarohatlanganga yordam koʻrsatish vaqti va sifatiga bevosita bogʻliq boʻladi. Jarohatlanish, zararlanish yoki yaralanishda birinchi daqiqalardan koʻrsatilgan tibbiy yordam tufayli inson sogʻligini saqlashga erishish va aksincha, jabr koʻrganning salomatligiga jiddiy putur yetkazish mumkin. Nukus harbiy gospitali qoshida tashkil etilgan “Taktik medik (paramedik)lar” oʻquv kursida har bir harbiy xizmatchining oʻziga va safdoshlariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish amallari va usullarini har qanday sharoitda mukammal bilishiga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Mana, navbatdagi amaliy mashgʻulotlarda ham kunning sovuq boʻlishiga qaramay kurs tinglovchilari tomonidan jangda yaralangan safdoshiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish mashqlari sifatli olib borildi.