“Eng yaxshi kutubxona”, “Eng ilgʻor kutubxonachi” va “Eng ilgʻor madaniyat markazi boshligʻi” koʻrik-tanlovi yakunlandi

0
929

Keyingi yillarda Mudofaa vazirligi tizimida kutubxonalar ishini takomillashtirishga, madaniyat markazlari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Vazirlik miqyosida har yili oʻtkazilib kelinayotgan “Eng yaxshi kutubxona”, “Eng ilgʻor kutubxonachi” va “Eng ilgʻor madaniyat markazi boshligʻi” koʻrik-tanlovi esa bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqayotgani bilan eʼtirofga sazovor.

Gʻalaba bogʻida mazkur koʻrik-tanlovlarning bu yilgi yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi. Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar kutubxonachilar, madaniyat markazi boshliqlari orasidan eng ilgʻorlarini aniqlash, ularning ish tajribasini ommalashtirish, mazkur sohaning ahamiyati va nufuzini oshirish, shuningdek kutubxonalar faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish, eng namunali kutubxonalarni aniqlash, ularning ish tajribasini keng targʻib qilish maqsadida oʻtkazilgan mazkur bellashuvda harbiy okruglardan saralangan madaniyat markazi boshliqlari va kutubxonachilar ishtirok etdi.

Tanlovni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona xodimlari hamda Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlaridan iborat hakamlar hayʼati baholab bordi. Ishtirokchilar tanlov shartlaridan kelib chiqqan holda oʻz faoliyati davomida amalga oshirayotgan ishlarini videorolik va slaydlar orqali namoyish qilib, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, madaniy-hordiq tadbirlarini tashkil etish boʻyicha qanchalik bilim va tajribaga ega ekanliklarini namoyish qilishdi. Oʻz yoʻnalishi boʻyicha test sinovlarini topshirdi.

Shuningdek ularning sohaga doir meʼyoriy hujjatlardan qanchalik boxabarligi, kutubxona fondini shakllantirish va kitobxonlar bilan ishlash koʻnikmasi, oʻtkaziladigan tadbirlarning rejasi va ssenariysini tuzish malakasi, kitobxonlarga koʻrsatilayotgan xizmat turlari, elektron katolog yaratish va undan foydalanish, madaniyat markazlarida tashkil etilgan badiiy havaskorlik toʻgaraklari faoliyati qanchalik toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi, ish jarayonida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, turli maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy hordiq tanlovlarini tashkil etish hamda oʻtkazish borasidagi bilimlari ham sinovdan oʻtkazildi. Oʻz yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosi boʻyicha hisobotlari tinglandi, oʻtkazilgan tadbirlarni oʻzida aks etgan fotoalbomlari koʻrib chiqildi.

Koʻrik-tanlov bahs-munozaraga boy oʻtdi. Eng asosiysi, unda oʻz ishining bilimdoni boʻlgan mutaxassislar kuch sinashdi. Bu esa bellashuvlarning yanada qiziqarli boʻlishini taʼminladi. Ikki kun davom etgan koʻrik-tanlov nihoyasida gʻoliblar aniqlandi va diplom hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti