“Zoʻravonlikka darhol barham beramiz”

103

Mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, zoʻravonlikka idoralararo javob qaytarishning samaradorligini oshirish, yurtimizda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni ommaga keng targʻib etish maqsadida Nukus harbiy sudi tashabbusi bilan harbiy gospital shifokor va hamshiralari ishtirokida “Zoʻravonlikka darhol barham beramiz” shiori ostida davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirda Nukus harbiy sudi raisi Sandjar Kushatov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Zulfiya Babadjanova mamlakatimizda gender tengligiga katta eʼtibor qaratilayotgani evaziga bugun davlat boshqaruvi organlari va hokimiyatning boshqa boʻgʻinlarida ayollar yuqori lavozim va martabalarga erishayotgani, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari taʼminlanayotganini eʼtirof etdi.

Gender – xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihat hisoblanadi.

Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish maqsadida 2019-yildan olib borilgan saʼy-harakatlar evaziga, ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinib, erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanishi va qonunchilikda roʻy bergan bir qator boshqa oʻzgarishlar sabab, munis va moʻtabar ayollarimizning jamiyatda tutgan oʻrni yanada yuksaldi.

Shuningdek, tadbirda soha mutaxassislari tomonidan 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bagʻishlab, ishtirokchilarga pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish uchun qonunchilikda mavjud qatʼiy chora-tadbirlar xususida batafsil maʼlumotlar yetkazildi.

Davra suhbati davomida ishtirokchilar qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati