“Vatanparvar” tashkilotining 32 yilligi nishonlandi

0
1058

Bugun, 23-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil etilgan kun. Ushbu sana munosabati bilan “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida tantanali tadbir tashkil etildi. Videoanjuman shaklida oʻtgan marosimda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi apparati, tashkilot huzuridagi muassasalar va joylardan hududiy kengashlar xodimlari hamda tashkilot tizimida uzoq yillar davomida ishlagan mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov soʻzga chiqib, tashkilot tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarni qutladi. Oʻz nutqida u respublika mustaqilligining tengdoshi hisoblangan “Vatanparvar” tashkiloti 32 yillik faoliyati davomida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiy etishi va tinchlik-osoyishtaligi taʼminlanishida oʻzining ulkan hissasini qoʻshganini, jumladan, tashkilot har yili minglab fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan turli texnik kasblarga tayyorlayotgani hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda munosib hissa qoʻshib kelayotganini bildirdi. Shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti xalqaro chempionatlar va kubok musobaqalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan yuzlab muvaffaqiyatli sportchilarni yetishtirgani esa nafaqat respublikamiz, balki xalqaro sport tashkilotlari tomonidan toʻla eʼtirof etilmoqda.

Respublikaning turli hududlaridan soʻzga chiqqan “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari va mehnat faxriylari tashkilot tomonidan erishilayotgan yuksak yutuqlardan mamnun ekanliklarini bildirib, mehnat jamoasining kelgusidagi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.

Tadbir davomida “Vatanparvar” tashkiloti tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator xodimlarga minnatdorlik eʼlon qilindi va faxriy yorliqlar topshirildi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti