Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev Navoiy shahrida joylashgan Prezident maktabining iqtidorli oʻquvchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda yoshlar milliy armiyamizdagi oʻzgarishlar, mudofaa salohiyati, harbiy xizmatchilarimiz qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuq va marralar haqida qoʻmondon tomonidan batafsil maʼlumot olishdi.
Harbiy okrug qoʻmondoni oʻz nutqida soʻnggi yillarda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlik va uni samarali tashkil etilayotgani, oʻquv-jangovar mashgʻulotlar murakkablashib, topshiriqlarni tungi sharoitda, notanish hududlarda bajarish imkoniyatlari oshirilgani, taktik harakatlarning yangi usul va uslublari amaliyotga samarali joriy etilayotganini eʼtirof etdi.
Uchrashuvda faol ishtirok etgan yoshlar va maktab jamoasi harbiy okrug qoʻmondonligi hamda Yoshlar ishlar agentligining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Mehmonlar maktabda oʻquvchilarning sifatli va jahon standartlariga mos tarzda taʼlim-tarbiya olishi, ijod bilan shugʻullanishi, yashashi, ovqatlanishi hamda sport bilan shugʻullanishi uchun yaratilgan keng imkoniyat va qulayliklar bilan tanishishdi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati