“Hamkorlik–2021”: Termizda Oʻzbekiston – Qozogʻiston qoʻshma oʻquvi yakunlandi

0
1506

Maʼlumki, yaqinda Qozogʻistonning Jambul viloyati “Matibuloq” poligonida oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar “Qalqon – 2021” Qozogʻiston—Oʻzbekiston qoʻshma oʻquvida ishtirok etib qaytgandi. Mintaqamizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, qoʻshni davlat bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida oʻtkazilib kelinayotgan ikki tomonlama oʻquv mashgʻulotlari “Termiz” poligonida davom ettirildi.

Qozogʻiston Respublikasi quruqlikdagi qoʻshinlari bosh qoʻmondonlik boshqarmasi shtab boshligʻi general-mayor Kanish Abubakirov boshchiligidagi qoʻshni davlat harbiy delegatsiyasi 17-noyabr kuni qadimiy Termiz shahriga yetib keldi. Rejaga koʻra ikki davlat harbiy xizmatchilari deyarli bir hafta davomida “Hamkorlik – 2021” qoʻshma oʻquvining asosiy fazasiga puxta tayyorgarlik koʻrdi.

Mehmonlar “Termiz” poligoni imkoniyatlaridan foydalanish bilan bir qatorda turli madaniy dam olish dasturlaridan ham bahramand boʻldi. Ular uchun tadbir tashkilotchilari tomonidan Termiz shahrining tarixiy obidalarini namoyish etuvchi maskanlarga ekskursiyalar uyushtirildi. Oʻquvni kuzatish uchun “Termiz” poligoniga Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov hamda Qozogʻiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Murat Bektanov yetib keldi.

Mudofaa vazirlarining tashrifi “Termiz” poligoni maxsus oʻquv nuqtalarida oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlarni kuzatishdan boshlandi. 45 ta toʻsiqdan iborat majmuaviy maxsus-taktik mashqlar yoʻlagi, otliq marafon kabi 50 ga yaqin oʻquv nuqtalarida mohirlik bilan harakat qilayotgan Alpomishdek oʻgʻlonlarning mahorati mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.

Shundan soʻng “Hamkorlik—2021” qoʻshma oʻquvining asosiy fazasi boshlandi. Dasturga koʻra hamkorlikda harakat qilgan harbiylar shartli ravishda chegara hududini buzib kirishga uringan noqonuniy qurolli guruhga qarshi jang olib borishdi. Unda shaxsiy tarkib qiruvchi samolyotlar, jangovar vertolyotlar, zirhli texnikalar, artilleriya va uchuvchisiz uchish apparatlaridan keng foydalandi.

“Hamkorlik—2021” qoʻshma oʻquvi muvaffaqiyatli yakunlanib, unda ishtirok etgan ikki davlat harbiy xizmatchilari tadbirning tantanali yopilish marosimida maydonda saflanishdi. Qoʻshma oʻquvda oʻzini koʻrsatgan oʻzbekistonlik va qozogʻistonlik harbiylarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti