Qozog‘iston delegatsiyasi “Gʻalaba bog‘i” va harbiy o‘quv markazlar faoliyati bilan tanishdi

0
1372

Kecha, 22-noyabr kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov Qozog‘iston mudofaa vaziri general-leytenant Murat Bektanov boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Uchrashuvda qardosh xalqlarning birdamligi, ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalarining joriy holati hamda istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi. Bu bo‘yicha maxsus hujjatlar imzolandi.

Shu kunning o’zida Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi poytaxtimizdagi «G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘lib, u yerdagi “Matonat madhiyasi” majmuasi poyiga gulchambar qo‘ydi, bog‘ ichidan o‘rin olgan “Shon-sharaf” muzeyidagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi va Qurolli Kuchlar akademiyasi faoliyati bilan tanishdilar. Markaz hamda yetakchi oliy harbiy ta’lim muassasasida harbiy xizmatchilarning kasbiy professional mahoratini takomillashtirishga qaratilgan moddiy baza va yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni mehmonlar alohida e’tirof etishdi.

Qozog‘iston harbiy delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi dasturi bugun Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning “Termiz” dala o‘quv maydonida o‘tkazilayotgan “Hamkorlik-2021” o‘zbek-qozoq o‘quvlarining faol bosqichini kuzatish bilan davom ettiriladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti