Farg‘onada “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

0
997

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining navbatdagi g‘oliblari taqdirlandi.

Musobaqalar davomida “Eng ilg‘or o‘qchi”, “Eng ilg‘or mergan”, “Eng ilg‘or granatamyotchi” kabi qator yo‘nalishlarda eng kuchlilar saralandi. Farg‘ona dala o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda vatan posbonlari o‘zlarining bor kuch-g‘ayratlarini namoyon etgan holda o‘zaro bahslashib, birinchilik uchun kurash olib bordi.

Dastlab, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida askarlarning irodalari va chaqqonliklari sinovdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng, harbiy xizmatchilar 100 metrga yugurish mashqlarini bajardi. Shuningdek, turnikda turli xil jismoniy harakatlarni bajargan yurt o‘g‘lonlaridan tezkorlik talab etildi, maxsus mashqlar va uzoq masofaga yugurish tayyorgarliklari sinovdan o‘tkazildi. Otish tayyorgarligida guruh va shaxsiy qurollardan nishonlari yakson qilish o‘quv mashg‘uloti amalga oshirildi. 

Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari musobaqaning shaffof tarzda o‘tkazilishini ta’minlab, ishtirokchilarni baholab bordi. 

Vazirllik miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblarini tantanli taqdirlash marosimi Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. Unda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarning ko‘rsatgan shijoatini olqishlab, ularning keyingi xizmatlariga omad va zafarlar tiladi. Musobaqaning yopilish marosimida faol ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchilar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati