“Nukus” poligonida Mudofaa vazirligi miqyosidagi ko‘rik-tanlov yakuniga yetdi

0
762

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning kasbiy bilim va malakasini yuksaltirish, biriktirilgan quroli, harbiy texnika va aslahasi bilan muloqotda mas’uliyat hissini oshirish, sog‘lom raqobat muhiti hamda tajriba almashishini ta’minlash maqsadida 2019-yildan e’tiboran “Men g‘olib!” yagona shior ostida o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovi bu yil 29 ta harbiy yo‘nalish bo‘yicha yurtimizning turli umumqo‘shin poligonlarida bir vaqtning o‘zida start oldi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muhandislik hamda Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan mutaxassis askarlar o‘rtasidagi “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining final bosqichi “Nukus” umumqo‘shin poligonida bir necha kun davomida o‘tkazilib, yakuniga yetdi.

Ko‘rik-tanlovda muhandislik bo‘linmalari o‘rtasida “Eng ilg‘or mutaxassis sapyor”, “Eng ilg‘or muhandislik razvedka dozori” va “Dizelchi-elektrik” nominatsiyalari, shuningdek Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari o‘rtasida “Eng ilg‘or ko‘chma zenit-raketa kompleksi mutaxassisi” va “Eng ilg‘or zenit qurilmasi mutaxassisi” nominatsiyalari bo‘yicha jami 78 nafar muddatli harbiy xizmatchilar 6 ta jamoa sharafini himoya qilish uchun bellashdi.

Nazariy bilimlari test sinovlari orqali aniqlangan yoshlar jismoniy barkamolligini me’yorlarni bajarish orqali namoyish etdi. Otish tayyorgarligidan nishonlarni mohirona yakson etgan askarlar haqiqatan ham bu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganini isbotlab berdi.
Tanlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda ishtirokchilarning xatti-harakatini adolatli baholash maqsadida musobaqani Mudofaa vazirligi markaziy apparati vakillaridan iborat bo‘lgan hay’at a’zolari baholab boradi.

Nominatsiyalar bo‘yicha kuchli raqobat ko‘rsatib, bir qator sinovli mashqlarda o‘zaro kuch sinashgan jamoalar armiyamizda yosh mutaxassislar maktabi shakllanganini, mahoratli harbiy xizmatchilar voyaga yetayotganini ko‘rsata olishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, muhandislik bo‘linmalari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning “Eng ilg‘or mutaxassis sapyor” nominatsiyasida birinchi o‘rinni Toshkent harbiy okrugi, ikkinchi o‘rinni Sharqiy harbiy okrugi va uchinchi o‘rinni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi jamoasi egalladi.

Muhandis-askarlar o‘rtasidagi shiddatli va murosasiz bahslarning “Eng ilg‘or muhandislik razvedka dozori” nominatsiyasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi jamoasi shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, “Dizelchi-elektrik” nominatsiyasida ham Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi askarlariga teng keladigani topilmadi. 

Muhandislik bo‘linmalari o‘rtasida ikki nominatsiya bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bahslar yakuniga ko‘ra Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamoasidan 526 ball farq bilan eng oldi qatordan joy oldi. Uchinchi o‘rinni Toshkent harbiy okrugi jamoasi egalladi.

Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari o‘rtasida “Eng ilg‘or ko‘chma zenit-raketa kompleksi mutaxassisi” nominatsiyasi birinchiligi uchun kechgan bellashuvda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi jamoasining qo‘li baland keldi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent harbiy okrugi va uchinchi o‘rinni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi jamoalari egalladi.
“Eng ilg‘or zenit qurilmasi mutaxassisi” nominatsiyasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi jamoasi tengsiz ekanini isbotlab, g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onadan Toshkent harbiy okrugi jamoasi joy oldi. Faxrli uchinchi o‘rinni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi jamoasi egalladi.

Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari o‘rtasida kechgan uch nominatsiya yakuni bo‘yicha ham Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi peshqadam bo‘ldi. 

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi vakillari, hay’at a’zolari va harbiy xizmatchilar qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar qisqa vaqt ichida armiyamizda keng ommalashgan bu ko‘rik-tanlov har yili eng ilg‘or, chaqqon va mohir askarlarni saralash, ularni munosib rag‘batlantirish, kadrlar zahirasini butlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini e’tirof etishdi.
G‘olib va sovrindorlar mudofaa vaziri nomidan diplom, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mayor Timur Narziyev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i