Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz umumqoʻshin dala poligonida Sherobod, Termiz, Angor va Muzrabot tumanlari hamda Termiz shahridagi umumtaʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari bilan ikki kunlik yigʻin oʻtkazildi.
Yigʻin rejasiga asosan ishtirokchilar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ularga malakali mutaxassislar tomonidan saf tayyorgarligi mashgʻulotlari hamda harbiy qism madaniyat markazida harbiy topografiya va jangovar taryyorgarlik mashgʻulotlari o‘tildi.
Yopilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Ulugʻbek Qosimov ishtirok etib, harbiy qism saf maydonida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilarining faoliyatlari uchun harbiy xizmatchilar tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv moddiy bazalar bilan yaqindan tanishdi va shu yerning oʻzida takliflarni tingladi.
Shuningdek yigʻin ishtirokchilari bilan suhbatlashgan viloyat rahbari yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda harbiy xizmatga hurmat tuygʻusini shakllantirish, oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun yetarli bilimga ega boʻlgan yoshlarni tizimli ravishda tayyorlashda chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilarning oʻrni alohida ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Yigʻin yakunida faol ishtirok etgan bir guruh oʻqituvchilariga faxriy yorliq va esdalik sovgʻalar topshirildi.
III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni