Maʼlumki, har oyning uchinchi chorshanbasida mudofaa vaziri oʻrinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev fuqarolar, harbiy xizmatchilar va oila aʼzolarini qabul qilib, vazirlik markaziy apparati ishchi guruhi bilan birgalikda ularning murojaatlari boʻyicha mavjud muammolar bartaraf etilishi yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan davr mobaynida yuzlab ana shunday murojaatlarga yechim topilib, Armiya va xalq – bir tanu bir jon! iborasi amalda oʻz isbotini topmoqda.
Vazir oʻrinbosarining bu safargi qabulida ellikka yaqin murojaatlar tinglanib, ularning deyarli barchasi boʻyicha fuqarolarga ijobiy javob berildi. Murojaatlar asosan uy-joy, ish oʻrni va oʻqishni koʻchirish, harbiy unvon olish, kontrakt muddatini uzaytirish, harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish, nafaqa tayinlash, oilaviy muammolarni bartaraf etish masalalari boʻyicha koʻrib chiqildi. Ayrim ota-onalar farzandlarining ish oʻrnini oʻz viloyatiga koʻchirish masalasida rad javobini olgan boʻlishiga qaramay, qabulni koʻngli toʻlgan holda tark etishdi. Chunki general-mayor Hamdam Qarshiyev qilingan murojaatning yuridik, qonuniy yechimini fuqarolarga yotigʻi bilan tushuntirdi.
Janubi-gʻarbiy maxsus okrugda xizmat burchini oʻtayotgan kichik serjant, uch nafar farzandning onasi (katta farzandi nogiron) Mohidilxon Rajabovaning kontrakt muddatini uzaytirish murojaati mudofaa vaziriga taqdim etiladigan boʻldi. Navoiylik yolgʻiz ona Sadoqat Yoʻldosheva Surxondaryoda xizmat qilayotgan yolgʻiz farzandining ishini Buxoroga koʻchirishni soʻrab qilgan murojaati ham yaqin kunlar ichida ijobiy yechim topishi boʻyicha masʼul ofitserlarga tegishli topshiriqlar berildi. Kichik serjant Mirzaqulov Tojimuhammadning turmush oʻrtogʻi, ikkinchi guruh nogironi Gulnoza Mirzaqulovaga esa uy-joy va sogʻligi boʻyicha amaliy yordam koʻrsatiladigan boʻldi.
Mudofaa vaziri oʻrinbosari fuqarolar, harbiy xizmatchilar va oila aʼzolari, yoshlar hamda faxriylarning har bir murojaati qonun doirasida hal etilishiga ishonch bildirdi. Qabul davomida qirqdan ortiq yordamga muhtoj har bir oila vakilining muammolarini yaqin kunlar ichida bartaraf etilishi taʼkidlandi. Bu borada Mudofaa vazirligining tegishli boshqarma boshliqlari va masʼul ofitserlariga topniriqlar yuklatildi.
Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti