Harbiy qasamyodga sodiqlik burchi

0
553

Umumiy harbiy majburiyat — fuqarolarni harbiy xizmatga tayyorlashni, harbiy xizmatga chaqirish (kirishini), chaqiruv yoki kontrakt boʻyicha harbiy xizmat oʻtashni, rezervdagi xizmatni, muqobil xizmatni, harbiy roʻyxatdan oʻtish qoidalariga rioya etishni, favqulodda vaziyatlarda yoki Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz boʻlgan taqdirda aholini muhofaza etish chora-tadbirlarini qamrab olishi Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan mustahkamlab qoʻyilgan.

Unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirayotgan har bir fuqaro davlat timsoli hisoblangan muqaddas bayroqni oʻpib, buyuk ajdodlarimning pok ruhlari oldida, vatan oldidagi burchini halol bajarishga bel bogʻlashini, vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib qasamyod qabul qilishini hammamiz yaxshi bilamiz. Maʼlumki, Mudofaa vazirligi tizimida milliy armiyamiz safini kerakli kadrlar va harbiy xizmatchilar bilan toʻldirish harbiy-kasbiy saralash organi ofitserlarining zimmasidagi masʼuliyatli vazifa sanaladi. Soha mutaxassislari harbiy okruglar miqyosida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish xohishini bildirganlar orasidan tanlov asosida munosib nomzodlar vazirlikning kadrlar bosh boshqarmasiga tavsiya etadi.

Minglab nomzodlar orasidan eng munosiblarini tanlab olishdek vazifaning masʼuliyatni his qilgan soha ofitserlari har yili Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida kasbiy bilimlarini oshirib borishi yoʻlga qoʻyilgan. Harbiy-kasbiy saralash organi ofitserlari akademiyada oʻquv-uslubiy yigʻinlarda qatnashib, bir haftalik oʻquv davomida Milliy istiqlol gʻoyasi, Oʻzbekiston Respublikasining strategik tamoyillari, dunyodagi harbiy va siyosiy oʻzgarishlar kabi mavzularda maʼruzalarni tinglashadi.

Bu yilgi oʻquv-uslubiy yigʻinda qatnashayotgan ofitserlar akademiyadagi darslardan tashqari Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universitetida tashkillashtiriladigan mashgʻulotlarda ham ishtirok etadi. Milliy universitet professor oʻqituvchilari tomonidan taqdim etiladigan ilmiy maʼruzalarda sharafli burchning ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni, qadr-qimmati, mustaqillik himoya qilishdagi ahamiyat kabi dolzarb masalalar muhokama etiladi. Oʻquv-uslubiy yigʻin mavzulari tinglovchilar tomonidan yanada teranroq anglanishi uchun poytaxtimizning tarixiy va madaniy obidalari boʻyicha ekskursiya darslari ham uyushtirish koʻzda tutilgan.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti