Xavfsizlikni ta’minlash masalalari tahlil qilindi

0
1010

Bugun jahonda tinchlikka, xavfsizlikka bo‘layotgan turli tahdidlardan ogohmiz. Dunyoning turli chekkalarida yuz berayotgan qurolli to‘qnashuvlar, mojarolar, diniy nizolar, olov ichidagi shaharlar haqida eshityapmiz. Xalqaro maydonda mafkuraviy, g‘oyaviy, informatsion kurashlar kuchayib bormoqda. Murakkab va  tahlikali shunday davrda osoyishtalikni asrash, tinchlik uchun kurashish va bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish eng dolzarb vazifalardan biridir. Qurolli Kuchlar akademiyasida tashkil etilgan “Xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar: nizolar va ularning oldini olish yo‘llari” mavzusidagi xalqaro ilmiy onlayn konferensiya shunday muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Konferensiya xalqaro xavfsizlikni ta’minlashga bo‘lgan zamonaviy yondashuvlar, harbiy to‘qnashuvlar xarakteri va ularning paydo bo‘lish omillari, kelajakda rivojlanish dinamikasi va transformatsiyasi, nizolarning oldini olish chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashish va tahlil qilish hamda  O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasini xorijiy davlatlarning  tadqiqot muassasalari bilan ilmiy hamkorligini yanada chuqurlashtirish maqsadida tashkil etildi. Anjumanni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Per Fon Arks ochib berdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda sun’iy intellekt, yangi axborot texnologiyalarining hayotimizga kirib kelishi, ommaviy axborot vositalari va zamonaviy qurollarning rivojlanishi, Qurolli Kuchlarni qo‘llashning an’anaviy va noan’anaviy shakllarining o‘zgaruvchanligi, jahondagi harbiy-siyosiy jarayonlarning jadallashuvi harbiy sohada taktika, operativ san’at va strategiya prinsiplarini tubdan ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Ayniqsa, zamonaviy harbiy nizolarning axborot-mafkuraviy va kiberkenglikda ham olib borilayotgani murakkab xarakter kasb etmoqda. Zero, bu nizolarda nafaqat armiya kuchlari, balki harbiy bo‘lmagan subyektlar – moliyaviy-iqtisodiy tuzilmalar, ommaviy axborot vositalari, xalqaro va nodavlat tashkilotlari hamda xususiy harbiy kompaniyalar ham faol ishtirok etmoqda-ki, bu nizolarning qamrovi hamda xavfi qanchalik keng va yuqoriligini anglatadi.

To‘rtta sho‘baga bo‘lingan holda ish olib borgan konferensiya davomida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdagi dolzarb muammolar, Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi va Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligiga ta’sir etuvchi omillar, zamonaviy harbiy nizolarning xarakteri va xususiyatlari, Global xavfsizlikni ta’minlash va nizolarni bartaraf etishda xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari, XXI asrda mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashda Qurolli Kuchlarning tutgan o‘rni va vazifalari, istiqbolli qarashlar kontekstida mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik tamoyillari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. 

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda o‘tkazilgan mazkur anjumanda BMT, NATO, UNICEF, MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari kengashi kotibiyati, ShHT Mintaqaviy terrorizmga qarshi kurashish tuzilmasi, Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi, Jorj Marshal nomidagi Yevropa xavfsizlik masalalarini o‘rganish markazi, AQSh Milliy mudofaa universiteti huzuridagi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Koreya, Qirg‘iziston, Polsha, Turkiya, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston va Xitoy Xalq Respublikasi kabi davlatlarning oliy harbiy ta’lim muassasalari vakillari hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan harbiy attashelar, jami uch yuzdan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti