“Ofitserlar tayyorlash kursi” bitiruvchilariga leytenant harbiy unvoni topshirildi

0
1760

Vataniga sadoqat bilan xizmat qila oladigan bitta ofitserni yetishtirish uchun qanchadan-qancha tajribali ustozlar, o‘z ishining ustalari harakat qiladi, ter to‘kadi, saboq beradi.

Bugun bir guruh harbiy xizmatchilar o‘z ustoz-murabbiylaridan harbiy bilimlarni chuqur egallagan holda, hayotining eng sharafli va mas’uliyatli damlariga yetib keldilar.

“Shon-sharaf” davlat muzeyida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti qoshidagi “Ofitserlar tayyorlash kursi” navbatdagi bitiruvchilariga leytenant harbiy unvoni tantanali tarzda topshirildi.

Harbiy orkestr sadolari ostida bo‘lib o‘tgan marosimni Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Akmaljon Ortiqov ochib berar ekan, bo‘lg‘usi yosh ofitserlarga zamon bilan doim hamnafas bo‘lish, eng oliy tuyg‘ular bilan yashash, muqaddas nomlarni asrab-avaylash kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

So‘ngra bir guruh oddiy askar va serjantlar tarkibidagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga boshlang‘ich leytenant harbiy unvoni topshirildi.

Darhaqiqat, ushbu leytenantlar bundan keyingi faoliyatlarida Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishlarini baralla aytar ekan, ofitserlik unvonini yuksak tutishga, doim namuna bo‘lishga ahd qilishdi. Shu kunning o‘zidayoq ushbu mard o‘g‘lonlar ofitserlar tarkibida keyingi xizmat faoliyatlarini davom ettirish uchun qo‘shinlar safiga yuborildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti Axborot xizmati