Harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘gartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Prezident qarori

0
8127

Prezident tomonidan 03.08.2023-yildagi “Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PQ-259-son Qarori imzolandi.

Harbiy xizmat muddatini hisoblashni imtiyozli holatlariga aniqlik kiritilmoqda. Harbiy xizmatchilar uchun quyidagi davrlarning bir kuni imtiyozli ravishda harbiy xizmatning uch kuniga teng hisoblanadi:

  • jangovar harakatlarda, jangovar vazifalarni bajarishda, terrorchilikka qarshi maxsus operatsiya oʻtkazishda yoki favqulodda holat rejimini taʼminlashda (saqlab turishda) ishtirok etgan davri;
  • yuqoridagi vaziyatlarda bevosita ishtirok etish natijasida shikastlanish (yaradorlik, jarohatlanish) va kasallanish sababli davolash muassasalarida uzluksiz boʻlgan davri;
  • qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan va keyinchalik reabilitatsiya etilganlarga – ushlab turilgan, ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlangan yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan davri.

Shuningdek, harbiy xizmatchilarni transportdan bepul foydalanish tartibiga aniqlik kiritilmoqda Harbiy xizmatchilar harbiy tashish hujjatlari orqali quyidagi transport vositalaridan foydalanish huquqiga ega:

havo yoʻllari transportida:

  • “biznes klass”da – vazirliklarning rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari;
  • “ekonom klass”da – boshqa harbiy xizmatchilar;

temiryul transportida:

  • yuqori tezlikda harakatlanuvchi va tezkor toifadagi poyezdlarning “VIP klass” (“lyuks”), tezyurar va yoʻlovchi tashish toifasidagi poyezdlarning “SV” (“lyuks”) vagonlarida – vazirliklarning rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari;
  • yuqori tezlikda harakatlanuvchi va tezkor toifadagi poyezdlarning “biznes klass”, tezyurar va yoʻlovchi tashish toifasidagi poyezdlarning “SV” (“lyuks”) vagonlarida – generallar va polkovniklar;
  • yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning “ekonom klass”, tezkor toifadagi poyezdlarning “biznes klass”, tezyurar va yoʻlovchi tashish toifasidagi poyezdlarning “kupe” vagonlarida – “podpolkovnik” va undan quyi harbiy unvondagi ofitserlar, oddiy askar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha xizmat qiluvchilar;
  • avtomobil transportida (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) – shaharlararo va viloyatlararo yoʻnalishlarda muntazam qatnovchi avtobuslarda barcha toifadagi harbiy xizmatchilar;
  • yuqori tezlikda harakatlanuvchi va tezkor toifadagi poyezdlarning “ekonom klass”, tezyurar va yoʻlovchi tashish toifasidagi poyezdlarning umumiy yoki plaskart vagonlarida – boshqa harbiy xizmatchilar.

Oddiy askarlar tarkibiga mansub muddatli  xizmat harbiy xizmatchilari, shuningdek, oddiy askarlar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar qoʻshimcha ravishda shahar ichi, shahar atrofi va mahalliy yoʻnalishlarda qatnovchi jamoat transportining barcha turlaridan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega .

Oliy harbiy taʼlim muassasalarining boshqaruv, ilmiy va professor-oʻqituvchilar tarkibidagi lavozimlariga ilmiy darajaga (ilmiy unvonga) hamda kamida 5 yillik ilmiy va pedagogik ish tajribasiga ega boʻlgan fuqarolarni kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilishda ularga quyidagi harbiy unvonlar beriladi:

  • fan nomzodlari, falsafa doktorlariga (PhD) – “kapitan”;
  • fan doktori (DSc), dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan fan nomzodi, falsafa doktorlariga (PhD) – “mayor”;
  • professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan fan doktorlariga (DSc) – “podpolkovnik”.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 05.08.2023-yildan kuchga kirdi.

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting