Nukusda jadal davom etayotgan “Yashil makon” aksiyasi

0
582

Qoraqalpog‘iston Respublikasining poytaxti Nukus shahrida o‘tkazilgan “Yashil makon” yoshlar aksiyasida aholi vakillari bilan birga 100 nafar muddatli harbiy xizmatchi qatnashib, har biri 10 tadan daraxt ko‘chatini ekdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2021-yil 2-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari borasida topshiriq berilgan edi. Aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhitga diqqat-e’tiborini kuchaytirish, ona tabiatimizni kelajak avlod uchun asrab-avaylash, ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan ushbu aksiya Orolbo‘yi hududlarida ham keng qamrovni o‘z ichiga olmoqda.

Nukus shahrining “Jiydeli baysun” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Yashil makon” yoshlar aksiyasining tantanali ochilish marosimini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahraman Sariyev ochib berdi. So‘ng “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori X.Sattarov, O‘zbekiston Respublikasi qishloq-xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari Sh.Teshayev nutq so‘zladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasida respublikamizning iqtidorli va ko‘ngilli yoshlari, volontyorlar, har bir hududida yuqori nufuzga ega spikerlar va muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar qatnashdi.

Aksiyada jami 5000 nafarga yaqin yoshlar, nuroniylar va loyihada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan ko‘ngillilar o‘zlari tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlariga taxtachalarga ismlarini muhrlashdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati