Jipslikni sinovdan o‘tkazuvchi tanlov

0
740

Harbiy xizmatchining jangovar qudrati ko’p jihatdan uning jamoaviy jipslikda harakat qila olishiga bog’liq bo’ladi. Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Nuriston qo’rg’onida joylashgan harbiy qismda ana shunday jangovar jipslikni sinovdan o’tkazuvchi “Eng ilg’or jangovar batareya” ko’rik-tanlovi bo’lib o’tdi.

Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari avvalo saf ko’rigi jarayonida harbiy xizmatchilarning hujjatlari, kiyim-bosh va qurol-aslahalarini, shuningdek, moddiy texnik bazalarni ko’zdan kechirishdi.

Saf tayyorgarligi nazorati jarayonlarida yurt o’g’lonlarining qurolsiz va qurol bilan harakatlanish ko’nikmalari baholandi. Amaliy harakatlar nazariy bilimlarga tayangan holda amalga oshiriladi, albatta. Shu jihatdan qism o’quv binosida batareya shaxsiy tarkibining nazariy bilimlari sinovdan o’tkazildi. Jismoniy tayyorgarliklari esa 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, tosh ko’tarish hamda 5000 metrga yugurish kabi mezonlarda baholandi.

Erta tongda berilgan signal asosida harakatga kelgan harbiy xizmatchilar belgilangan vaqtda qurollanib, jangovar topshiriqni olgan holda o’zlariga biriktirilgan harbiy texnikalarni shay holatga keltirdilar. Saf tortib borayotgan qudratli artilleriya texnikalari bilan marsh yurish davomida qo’qqisdan dushman pistirmasini bartaraf etish hamda zararlangan hududdan betalafot o’tish kabi amaliyotlar real sharoitlarga yaqin holda amalga oshirildi.

Dala o’quv maydoniga yetib kelgan yurt himoyachilari shiddat bilan tartibli ravishda o’z jangovar pozitsiyalariga o’rnashdilar. Razvedka ma’lumotlariga ko’ra olingan shartli dushman joylashgan hududga olovli talafot yetkazilib, qo’yilgan topshiriq muvaffaqiyatli ado etildi.

Har bir harakatdagi aniqlik, jamoaviy jipslikning yuqori darajada ekani ko’rsatilayotgan a’lo natijalarda namoyon bo’ldi.

Eng ilg’orlarni saralashga qaratilgan bu kabi tanlovlar harbiy xizmatchilarning o’z ustida ishlashlari va jangovar tayyorgarliklarini yanada mustahkamlashlari uchun xizmat qilmoqda.

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati