Farg‘onada “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik tanlovining 3-bosqichi start oldi

0
781

Yurt sha’ni, uning ertangi kelajagi mard va jasur o‘g‘lonlar qo‘lida. Tomirida buyuk bobokalonlarining jo‘shqin qoni oqayotgan har bir o‘zbekning er yigiti Vataniga munosib posbon bo‘la oladi.

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida “Eng ilg’or mutaxassis” ko‘rik tanlovining 3-bosqichi bo‘lib o‘tdi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi Farg‘ona shahridagi harbiy qismda o‘tkazildi. Unda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘modoni so‘zga chiqib, barchaga omad va zafarlar yor bo‘lishini tiladi. Shundan so‘ng, harbiy orkestr jamoasi hamda iste’dodli san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Tanlov mobaynida yurt o‘g‘lonlari “Eng ilg‘or nishonga oluvchi”, “Eng ilg‘or pulemyotchi”, “Eng ilg‘or mexanik haydovchi”, “Eng ilg‘or mutaxassis sapyor”, “Eng ilg‘or mergan” va boshqa harbiy sohaga oid 13 nominatsiya bo‘yicha o‘zaro bellashishadi. G‘oliblar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan munosib taqdirlanadi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati