Muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining final bosqichiga start berildi

354

Bugun, 15-noyabr kuni Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan mutaxassis askarlar o‘rtasidagi “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining final bosqichiga start berildi.

Vazirlik miqyosida “Men g‘olib!” shiori ostida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu tanlov mutaxassis askarlarning kasbiy malakasini oshirish, yetakchilik qobiliyatini yuksaltirish hamda ilg‘orlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Musobaqani Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ochib berdi.

Ko‘rik-tanlovda muhandislik bo‘linmalari o‘rtasida “Eng ilg‘or mutaxassis sapyor”, “Eng ilg‘or muhandislik razvedka dozori” va “Dizelchi-elektrik” nominatsiyalari, shuningdek, Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari o‘rtasida “Eng ilg‘or ko‘chma zenit-raketa kompleksi mutaxassisi” va “Eng ilg‘or zenit qurilmasi mutaxassisi” nominatsiyalari bo‘yicha 80 yaqin muddatli harbiy xizmatchilar 6 ta jamoa sharafini himoya qilish uchun bellashadi.

Tanlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda ishtirokchilarning xatti-harakatini adolatli baholash maqsadida musobaqani Mudofaa vazirligi markaziy apparati vakillaridan iborat bo‘lgan hay’at a’zolari baholab boradi.

Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi xonandalari va harbiy orkestr tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi hamda faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ko‘rik-tanlov “Nukus” umumqo‘shin poligonida birinchi marotaba bo‘lib o‘tmoqda.

Mayor Timur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i