Tibbiyot sohasi vakillarining kasb bayrami keng nishonlandi

0
976

Har yili yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.

Bayram munosabati bilan Mudofaa vazirligi markaziy apparatida harbiy shifokorlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Unda vazirlik mas’ul ofitserlari, harbiy shifokorlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, faxriylar hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida shifo maskanlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati tubdan yaxshilanayotgani, aynan bu jarayon harbiy tibbiyotda ham o‘z aksini topayotgani, soha mutaxassislarining qo‘lga kiritayotgan yutuqlari e’tirof etildi.

Shundan so‘ng harbiy tibbiyot sohasida tashabbuskorlik, faollik ko‘rsatayotgan bir guruh tibbiyot mutaxassislariga mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan “Namunali xizmati uchun” ko‘krak nishonlari, navbatdagi harbiy unvon, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Tantanali tadbir Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.

Ta’kidlash kerakki, bunday tadbirlar barcha harbiy okruglarda tantanali ravishda o‘tkazildi. Xususan, Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona harbiy gospitalida ham tibbiy xizmat xodimlari uchun ushbu bayram munosabati bilan tantanali bayram tashkil etildi va eng ilg‘or soha xodimlari taqdirlandi.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrugi tassarufidagi harbiy qism va muassasalarida xizmat qilayotgan tibbiyot soha vakillarining kasb bayrami keng nishonlandi. Unda salomatlik elchilariga Mudofaa vazirligi hamda okrug qo‘shinlari qo‘mondonining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Nozima Mamatova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti