O‘zbekistonlik merganlar Turkiyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi

0
1967

Turkiya Respublikasida “Eng ilgʻor mergan” musobaqasi oʻtkazildi. 13 davlatning 40 dan ortiq jamoalari ishtirokidagi bellashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining merganlar jamoasi ham munosib qatnashdi.

Turkiyaning Isparta shahridagi “Komando” togʻ oʻquv mashqlar markazida oʻtkazigan musobaqada Ispaniya, Pokiston, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari singari oʻndan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi. Bellashuvlarda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining ikki jamoasi mamlakatimiz sharafini himoya qildi. Musobaqa ishtirokchilari 5 ta guruhga boʻlinib, bir-biridan murakkab 14 ta shart boʻyicha bahs olib bordi.

Xususan, uzoq masofadan nishonlarni izlab topish va yakson qilish shartida merganlar 2 ming metr masofada joylashgan shartli dushman guruhi orasidan asosiy nishonni aniqlab topishi va birinchi urinishda uni yakson etishi lozim bo‘ldi. Vazifa – murakkab. Habiylarimiz nishonni muddatidan oldin yakson etib, nimalarga qodir ekanliklarini amalda isbotladi.

“Qayiqdan va minoralardan oʻq otib orolni himoya qilish”, “Vertolyot va yerdan jang olib borib, yaradorni evakuatsiya qilish”, “Harakatlanuvchi nishonlarni pistoletda yakson etish”, “Tungi vaqtda magnit azimuti boʻyicha harakatlanish” kabi qator shartlar ham real jang vaziyatiga yaqinlashtirilgan holda olib borildi.

Ayniqsa, yurtimiz vakillari “Togʻ tepasidan qiyalikka qarab jang olib borish”, “Zararlangan hududda gazniqob taqib, nishonlarni moʻljalga olish” shartlarida barcha jamoalarni ortda qoldirib, rekord natijalarni qayd etdi.

Qariyib 10 kun davom etgan bellashuvlarda xorijiy davlat armiyalarining 42 ta jamoasi ichida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shohsupaning birinchi va uchinchi o‘rinlari mezbon davlat vakillariga nasib etdi. Ta’kidlash kerakki, bunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etish harbiylarimizning jangovar tayyorgarligini oshirish, bilim va tajriba almashishda muhim oʻrin tutadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting