O‘zbekistonlik kursantlar MDHga a’zo davlatlarning II harbiy sport o‘yinlari g‘olibi

0
2103

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasidagi II harbiy sport oʻyinlari boshlangani toʻgʻrisida xabar bergan edik.

Mazkur musobaqada Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etdi.

Kuzatuvchiga faxr bagʻishlab, ishtirokchilarning masʼuliyat zalvorini oshiradigan jihat shundaki, kursantlar harbiy xizmat faoliyatini toʻlaqonli boshlashlaridan avval, yaʼni kursantlik paytlaridayoq ona yurt shaʼni uchun maydonga tushdilar. Ular bir necha kun davom etgan musobaqa davomida oʻzlarining har tomonlama qay darajada chiniqqanliklarini namoyon qildilar.

8 vazn toifasidagi qoʻl jangi, harbiy koʻp kurash (turnikda tortilish, 3 km va 100 m masofaga yugurish, granata uloqtirish, toʻsiqlar osha yugurish), mini futbol, PM-3 va AK-3 qurollaridan oʻq otish kabi musobaqalar qizgʻin bahs, bellashuv va olqishlarga boy boʻldi.

Ushbu musobaqa ham hayajonli, ham masʼuliyatli boʻldi. Oʻz yurtimizda boʻlsa ham xalqaro doirada maydonga tushishning oʻziga yarasha “yuk”i bosar ekan. Mamlakatimizdagi barcha kursantlar nomidan harakat qilayotganimni hamisha his qilib turdim. Toʻsiqlar osha yugurish musobaqasida 1 minut 35 sekund natija koʻrsatib, rekordni yangilaganimda nafaqat ularning oldida, ustozlarimiz, ota-ona, yaqinlarim, xalqimiz oldida yuzim yorugʻ boʻlganini his qildim. Harbiy koʻp kurash musobaqasida mutlaq gʻolib boʻlishim esa oʻzimga boʻlgan ishonchimni oshirib, kelgusida marrani yanada balandroq olishga undadi, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Islombek Toʻychiyev.

Gʻoliblarni taqdirlash tantanalarida bir necha bor yurtimiz bayrogʻi hilpirab, madhiyamiz yangraganiga guvoh boʻldik.

Harbiy koʻp kurash musobaqasida kursant Islombek Toʻychiyev gʻoliblikni zabt etgan boʻlsa, ushbu yoʻnalishda umumjamoa hisobida ham 1-oʻrin yurtimiz kursantlariga nasib qildi.

Kursant Adham Iskandarov harbiylashtirilgan krossda 1-oʻrinni egallab, qanchalar chiniqqanligini namoyon qilgan boʻlsa, umumjamoa hisobida ham yurtimiz vakillari gʻolbilikni qoʻldan bermadi.

PM-3 dan oʻq otish bellashuvlarida kursant Shahzod Yuldoshev ham, jamoamiz ham mutlaq gʻoliblar safidan oʻrin oldi.

Qoʻl jangi musobaqalarida esa 67 kg vaznda kursant Asadbek Sattarov, 73 kg vaznda kursant Azizxon Abdullayev, 88 kg vaznda kursant Amir Ismoilov, 97 kg vaznda kursant Sardor Samatov birinchilikka sazovor boʻlib, yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarishdi.

Qoʻl jangi, mini futbol musoqalarida ham umumjamoa hisobida yurimiz vakillari birinchilikka munosib topildi.

Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasidagi II harbiy sport oʻyinlari umumlashma natijalariga koʻra, 3-oʻrini Qozogʻiston Respublikasi, 2-oʻrinni Rossiya Federatsiyasi, 1-oʻrini esa Oʻzbekiston Respublikasi jamoasi egalladi.

Gʻolib va sovrindorlar Qurolli Kuchlar akademiyasida tantanali taqdirlandi.

Bu gʻalaba bilan oʻgʻlonlarimiz kursantlikdagi sharafli masʼuliyatni toʻlaqonli ado etdilar.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting