Qatar harbiy delegatsiyasi Chirchiqdagi tekstil korxonasi va harbiy texnikalarni ta’mirlash zavodida bo‘ldi

0
2003

Rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan Qatar bosh vaziri o‘rinbosari — mudofaa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Xolid bin Muhammad al-Atiya O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov hamrohligida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan tekstil korxonasi va harbiy texnikalarni ta’mirlash zavodi bilan tanishdi.

Dastlab harbiy delegatsiya harbiy xizmatchilar uchun qulay va pishiq ust-boshlar uchun materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Baryer tekstil” korxonasini ko‘zdan kechirdi.

Qulay, zamonaviy ko‘rkam kiyim harbiylar salohiyati va nufuzini yanada yuksaltirishga, yoshlarimizda vatanparvarlik, yurt taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga, yoshlikdan harbiylikka havas uyg‘onishiga xizmat qiladi. Shu sababdan mazkur tekstil korxonasida eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yurt posbonlari uchun ust-boshlar ishlab chiqariladi.

Korxonani diqqat bilan ko‘zdan kechirgan Qatar vakillari ishlab chiqarishda yo‘lga qo‘yilgan yangiliklar va bu yerda tayyorlanayotgan materiallar sifatini e’tirof etdi.

Shundan so‘ng, mehmonlar Mudofaa vazirligining Zirhli tank texnikalarini ta’mirlash zavodiga tashrif buyurdi. Ta’kidlash kerakki, mazkur zavodda zirhli va harbiy texnikalarga to‘laqonli texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ham Qatar harbiy delegatsiyasini befarq qoldirmadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting