Oliy harbiy ta’lim masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

0
1278

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida “Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi va davlat test sinovlarini topshirish jarayoni” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda mudofaa vazirining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi polkovnik Otabek Yuldashev, tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻi tibbiy xizmat polkovnigi Nosirjon Fozilov, Mudofaa vazirligi Harbiy-kasbiy saralash markazi boshligʻi podpolkovnik Ulugʻbek Fattaxov va harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Habibulla Hasanboyev spiker sifatida mavzu yuzasidan harbiy taʼlim tizimidagi keng koʻlamli ishlar haqida tegishli maʼlumotlar berib, respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni qabul qilish tartibi, test imtihonlari hamda harbiy kadrlarni tayyorlash masalalari haqidagi savollariga javob berdilar.

Matbuot anjumanida Mudofaa vazirligining soha yoʻnalishi boʻyicha masʼul bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari, oliy harbiy taʼlim muassasalari boshliqlarining oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari hamda respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul jarayoni

Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlov tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi qarori bilan amalga kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, tanlov bosqichlari soddalashtirilgan boʻlib, byurokratiya va inson omilining aralashuviga chek qoʻyilgan va ochiqlik siyosatiga asoslangan.

Tanlov tadbirlari oʻqishga kirgunga qadar yil davomida oʻtkaziladigan harbiy-professional yoʻnaltirish bilan boshlanadi. Mazkur jarayonda oʻquvchi-yoshlarning faxriylar, harbiy qism hamda oliy harbiy taʼlim muassasalarining vakillari bilan uchrashuvlari va davra suhbatlari oʻtkaziladi. Bunda ularga ofitser kasbi, oʻqishga kirish tartibi toʻgʻrisida tushuntirishlar beriladi.

Dastlabki saralab olish tadbirlari ikki bosqichda oʻtkaziladi:

a) birinchi bosqich 1-fevraldan 31-martgacha – fuqaro yoshlar uchun mudofaa ishlari boʻlimlarida, harbiy xizmatchilar uchun xizmatni oʻtash joyida zarur hujjatlarni toʻplash amalga oshiriladi;

b) ikkinchi bosqich 10-apreldan 31-maygacha (grafik asosida) – fuqaro yoshlar uchun mudofaa ishlari boshqarmalarida, harbiy xizmatchilar uchun Mudofaa vazirligining harbiy qism va tibbiy muassasalarida oʻtkaziladi. Unda quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:

  • individual-psixologik oʻrganish (profotbor, yozma shaklda);
  • jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash (turnikda tortilish, 100 metrga yugurish, 3000 metrga yugurish);
  • yakuniy tibbiy koʻrikdan oʻtish tadbirlari.

Tanlov bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar test sinovlariga kiritiladi. Test sinovlari iyul-avgust oylarida nomzodlar tanlagan hududlarda oʻtkaziladi (nomzodlar MIB tomonidan grafikka muvofiq chaqirtiriladi).

Test topshirish fanlari:

1-blok – (majburiy fanlar – ona tili, matematika va Oʻzbekiston tarixi) har birida 10 tadan savol. Har bir toʻgʻri javobga 1.1 ball beriladi.

2-blok – (taʼlim yoʻnalishiga mos fanlar – matematika, fizika) har biridan
30 tadan savol. Har bir toʻgʻri javobga mos ravishda 3.1 va 2.1 ball beriladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting