«Eng ilg‘or ta’mirlash ustaxonasi» musobaqasiga start berildi

0
576

Bugunngi kunda milliy armiyamizning jangovar shayligini oshirish, mutaxassislar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan qator amaliy ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bunda sog‘lom raqobat va shaffoflik bilan o‘tkazilayotgan musobaqalarning alohida o‘rni bor.

“Chirchiq” dala-o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi harakatdagi ta’mirlash ustaxonalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Eng ilg‘or ta’mirlash ustaxonasi» musobaqasining dastlabki bosqichiga start berildi.

Musobaqadan ko‘zlangan maqsad qo‘shinlardagi qurol-aslaha va harbiy texnikalarni ta’mirlashda mutaxassislarning mahorat va malakalarini oshirish, zamonaviy texnik bilimlarni mustahkamlashdan iborat.

Musobaqa ishtirokchilari dastlabki bosqichda to‘siqlardan o‘tish, qurol-aslaha va harbiy texnikalar nosozligini dala sharoitida aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha shartlarni bajardi. Murosasiz va o‘zaro kurashlar ostida o‘tayotgan musobaqaning keyingi bosqichida jamoalar joylarda ishlab chiqarish va kundalik faoliyat, ta’mirlash jihozlarining shayligi va nazorati hamda jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti