Qarshida harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

0
631

Bugungi yoshlar ertangi porloq kelajagimiz bunyodkoridir. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar hamda «Temir daftar» va «Ayollar daftari»dan o‘rin olgan oilalar farzandlari, shuningdek, uyushmagan yoshlar o‘rtasida «Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘z olganlar barcha ishtirokchilarga omad tilab, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishlari uchun teran maslahatlar berishdi.

Okrug boshqaruv apparati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti viloyat kengashi bilan hamkorlikda o‘tgan bellashuvlarda tumanlardan yig‘ilgan 8 ta jamoa tarkibida jami 300 nafardan ortiq yoshlar jam bo‘ldi.

«Pnevmatik quroldan o‘q otish», «Granata uloqtirish», «Harbiy estafeta», «Duatlon», «100 metrga yugurish», «Turnikda tortilish» kabi shartlarda yoshlar o‘zlarining kuch va mahoratlarini namoyon etishgan bo‘lsa, «Bilimlar bellashuvi» sharti ularning tarixni qanchalik yaxshi bilishlari hamda nutq ravonligini sinovdan o‘tkazdi.

Do‘stona muhitda, ammo shiddatli va murosasiz kechgan bahslar ertamiz egalari barcha jabhada faol, kuchli va bilimli bo‘lib ulg‘ayotgani o‘z isbotini topdi.

Bellashuvlarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati