“Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi

0
2438

Yoshlarni ona yurtga sadoqat va vatanparvar qilib tarbiyalash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligiga Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan harbiy qismda “Qoʻmondon va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

“Yoshlar oyligi” doirasida oʻtkazilgan tadbirda 200 dan oshiq mahalliy yoshlar harbiy qism mehmoni boʻldi. Dastlab oʻquvchi yoshlar uchun namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlar, harbiy texnikalar va jangovar qurollar koʻrgazmasi barchaga birdek manzur boʻldi. Harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan sahna koʻrinishlar, faxriy qorovul va harbiy orkestr jamosining koʻrgazmali chiqishlari esa tadbirga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.

Shu bilan birga, 20 dan oshiq sport, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi oʻquv nuqtalarida yoshlar oʻzlarining qobiliyatlarini namoyish etdilar. Ta’kidlash kerakki, Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qoʻmondoni ham yoshlar bilan birgalikda musiqa, tasviriy sanʼat va sport yoʻnalishlarida mahorat darslarini oʻtkazdi.

Tadbir harbiy qismning madaniyat markazida davom etdi. Unda qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yaqubov soʻzga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumotlar berdi. 

Tadbir davomida harbiy orkestr jamosi tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qoʻshiqlar hamda buyuk mutafakkirlarni aks ettirgan sahna koʻrinishlari yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Tadbir yakunida bir qator faol yoshlarga esdalik sovgʻalar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting