Fargʻonada “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining viloyat bosqichi o‘tkazildi

0
867

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona garnizonidagi harbiy qismda “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining viloyat bosqichi oʻtkazildi. Unda tuman va shaharlar mahallalarida istiqomat qilayotgan “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi 17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 170 nafar yoshlardan tashkil topgan 17 ta jamoa ishtirok etdi.

Mazkur harbiy-sport oʻyinlarida yoshlar asosan uchta yoʻnalishda sinovlardan oʻtkazildi. Xususan, “Harbiy-vatanparvarlik” yoʻnalishida jamoa aʻzolarining Oʻzbekiston tarixiga doir bilimlari tekshirilgan bo‘lsa, “Harbiy-amaliy koʻpkurash”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdi. “Sport” yoʻnalishida esa jamoalar “Duatlon”, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdi.

Shiddatli va murosasiz kechgan bellashuvlar davomida Dangʻara tuman jamoasining qoʻli baland kelib, birinchi oʻrinni egalladi. Ushbu jamoa Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining koʻchma kubogi uchun kechadigan musobaqada qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Oʻzbekiston hamda Beshariq tumanlarining jamoalariga nasib etdi.

Shuningdek, “Eng yaxshi sportchi”, “Eng yaxshi mergan” hamda “Eng yaxshi bilimdon”   nominatsiyalari boʻyicha ham ishtirokchilar yakka tartibda taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting