Kursantlar jangovar mashinalarni suv to‘siqlarida sinovdan o‘tkazdi

0
1011

Har qaysi soha rivoji, taraqqiyoti, avvalo intellektual salohiyati yuqori, bilimli, dunyoqarashi keng kadrlar bilan belgilanadi. Ayni tamoyilni yaxshi anglagan Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari zirhli transportyorni suv toʻsigʻidan oʻtkazish boʻyicha egallagan nazariy va amaliy koʻnikmalarini chin maʼnoda sinovdan oʻtkazdi. Jarayonlarni bilim yurti boshligʻi polkovnik Shavkatbek Mamajonov shaxsan kuzatib bordi.

Kursantlar dastlab oʻquv nuqtalari bilan yaqindan tanishib chiqdi. Ular murakkab boʻlgan kechuv hududidan zirhli texnikani olib oʻtish, belgilangan vazifalarni ado etishda oʻziga xos usullarni qoʻllagan holda harakatlandi. Eng muhimi, ekipajlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratdi.

– Kursantlarimiz suvli toʻsiqlardan oʻtishda mashinalarning jangovar qobiliyatidan toʻliq foydalana oldi, – deydi mashgʻulot rahbari podpolkovnik Otabek Mahammadiyev. – Ular ekipaj tarkibida jipslikda harakatlanib, mashinalarni toʻgʻri boshqarish qoidalari boʻyicha oʻz mahoratlarini oshirmoqda. Kelgusida qoʻshinlarga borganda bu yerda olgan bilimlarini oʻzlarining xizmat faoliyatlari davomida qoʻllaydi.

Albatta, zirhli jangovar texnikani boshqarib, bir-biridan murakkab boʻlgan toʻsiqlarni yengib oʻtish… Bular harbiy xizmatchini har tomonlama toblaydi. Shijoat va gʻayratli boʻlishida, oʻziga boʻlgan ishonchning yanada ortishida muhim oʻrin tutadi. Chunki u topshiriqlarni aʼlo darajada bajarib, harakatni yana davom ettirishi uchun harbiy xizmatchining axloqiy-ruhiy sifatlari yaxshi rivojlangan boʻlishi lozim. Shu sabab ham oʻgʻlonlar ayni maqsadlarga xizmat qilayotgan mazkur mashqlarni bajarishga va puxta oʻzlashtirishga diqqat-eʼtiborlarini qaratmoqda.

Albatta, real sharoitlarda olib borilgan ushbu oʻquvlar qoʻshinlarimizda jangovar shaylikni taʼminlash, yurt oʻgʻlonlarining kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash, amaliy tajriba va koʻnikmalarini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Katta leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting