Matonat va jasorat mahsuli

0
1592

Tantanalar, qutlugʻ sanalar, bayramlar kishining kuchiga kuch, quvvatiga quvvat qoʻshadi. Ayniqsa, ushbu kun sarhisob qilinganda quvonarli natijalar yuzaga chiqsa, ahil jamoani mislsiz matonat va jasorat mahsuli boʻlgan muvaffaqiyatlar birlashtirib tursa. Har bir insonning qadri baland (lavozimidan qatʼiy nazar) boʻlib, hech bir intilish, harakat nazardan chetda qolmasa bunday muassasa faqat yutuqlardan gurkiraydi.

Yaqindagina oʻtkazilgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tashkil etilganining 5 yilligi tantanalarida qoʻmondonlik shaʼniga ana shunday eʼtiroflar koʻp boʻldi. Tadbirda ishtirok etgan mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, bosh prokuror oʻrinbosari – Respublika harbiy prokurori adliya polkovnigi Botir Kudratxujayev va boshqa nufuzli mehmonlar qoʻmondonlikning xalqimiz, davlatimiz hayotida tutgan oʻrni haqida alohida toʻxtalib oʻtdilar.

Maxsus tayyorlangan videorolik orqali tadbir qatnashchilari qoʻmondonlikning oʻtgan 5 yildagi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Taʼkidlash kerakki, bundan 5 yil muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan Mudofaa vazirligida yangi qoʻshin turi – Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tashkil etildi.

Bugungi kunda qoʻmondonlik boʻlinmalari respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan iqtisodiy muhim obyektlarni qoʻriqlash boʻyicha jangovar vazifalarni bajarib kelmoqda.

Yigʻilganlar dastlab qoʻmondonlikdagi shart-sharoitlar, imkoniyatlar bilan tanishdilar. Adiblar bogʻi, kompyuterlashtirilgan panoramali va pnevmatik oʻq otish joylari, sport majmuasi va shaharchasi, harbiy tarix va Yangi Oʻzbekiston muzeylari koʻpchilikning eʼtiborini qozondi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, ishtirokchilarning aksariyati tanishuv davomida havas va qiziqishlarini yashirmadi.

Oʻtgan yillar davomida qoʻmondonlik boʻlinmalarida jangovar shaylikni oshirish, harbiy texnika va qurol-aslaha bilan taʼminlash, malakali kadrlar bilan butlash, taʼlim-tarbiya va ijtimoiy himoya borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Xalq va armiya mushtarakligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, qoʻmondonlikka 150 ga yaqin taʼlim muassasasi biriktirilgan, oʻquvchi yoshlar bilan harbiy qism va muassasalar oʻrtasida doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Aytib oʻtish joizki, harbiy qismlarning infratuzilmasini yaxshilash va takomillashtirish, zamon talablari asosida jihozlash, shaxsiy tarkib uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda qoʻriqlanayotgan obyektlarni zamonaviy texnik qoʻriqlash vositalari bilan jihozlashda Mudofaa vazirligi hamda qoʻriqlanayotgan obyektlarning rahbariyati tomonidan yaqindan yordam koʻrsatib kelinmoqda.

Bu esa oʻz navbatida shaxsiy tarkibning sifatli jangovar xizmat olib borishlari, obyektlarning barqaror faoliyatini taʼminlash va noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tantanalar davomida faoliyatlari mobaynida saʼy-harakatlari, tashabbuslari bilan ibrat koʻrsatib kelayotgan bir qator harbiy xizmatchi va Qurolli Kuchlar xizmatchilari navbatdagi harbiy unvon, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Tadbirning badiiy qismida ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departametni

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting