Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir ota-ona, har bir oila hamda har bir mamlakatning istagi, muqaddas burchidir. Mamlakatimiz, qolaversa, butun jahonda bolalar kunini nishonlashdan koʻzlangan maqsad – keng jamoatchilik diqqatini bolalar muammolariga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega boʻlishlariga va oʻz mamlakatining toʻla-toʻkis va xotirjam fuqarosi boʻlib oʻsishlariga qaratishdir.
Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan harbiy qismda 1-iyun — Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan “Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida oʻtkazilgan maʼdaniy tadbir ham shu maqsadalarga xizmat qiladi.
Mazkur tadbir davomida harbiy qism hududida boʻylab bolalar uchun oʻyin maydonchalari, shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etildi. Bolalar vaqtini maroqli oʻtkazishi uchun bayram shoulari, konsert dasturlari hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan bir qancha estafeta oʻyinlari oʻtkazilib, bolajonlarga bir olam quvonch ulashishiga sabab boʻldi.
Tadbir soʻngida musobaqa jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh bolajonlarga harbiy qism rahbariyati tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti