Samarqandda mas’ul ofitserlar ishtirokida yigʻin oʻtkazildi

0
2788

Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev boshchiligida okrug boshqaruv apparati, harbiy qism komandirlari, muassasa boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari DXX, IIV, FVV, Milliy gvardiyaning hududiy boshqaruv organlari bilan operativ-safarbarlik yigʻini oʻtkazildi.

Yigʻindan koʻzlangan asosiy maqsad — boshqaruv organlari va mas’ul harbiy xizmatchilarning jangovar va safarbarlik tayyorgarligi tadbirlarini rejalashtirish boʻyicha harbiy nazariy tayyorgarligi hamda bilimlarini oshirishdir.

Jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat va uning ehtimoliy rivojlanish tendensiyalari bilan boshlangan yigʻin ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarlik boʻyicha meʼyorlar hamda umumharbiy nizomlardan test sinovlarini topshirishiga ulandi.

Shuningdek, yigʻinning navbatdagi kunlarida shahar sharoitida maxsus boʻlinmalarni qoʻllashning oʻziga xosliklari, boʻlinmalarni jangovar harakatlar davomida boshqarish va hamkorlikni tashkillashtirish tartibi, safarbarlik asoslari va qoʻshinlarni safarbarlik yoyilishini rejalashtirish, safarbarlikni oʻtkazishning barqarorligi va ishonchliligini taʼminlovchi tadbirlar boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi.

Toʻrt kun davom etgan yigʻin davomida soha xodimlarining kasbiy malakasi yuksalib, oʻquv-jangovar vazifalarni rejalashtirish va olib borish, qoʻshinlar boshqaruvini tashkil etish borasida tajribalarini boyitishdi.

Yakunda yigʻin davomida erishilgan yutuqlar va kamchiliklar muhokama etilib, hamkorlikdagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting