Yangi o‘quv nuqtalari sinovdan o‘tkazildi

0
572

Mamlakatimiz mudofaa tizimiga malakali kadrlarni yetkazib berayotgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi ta’lim yo‘nalishida turli yangicha uslublarni takomillashtirish borasida izlanishlarni davom ettirmoqda.

Yaqinda akademiya kursantlari uchun «Chirchiq» dala maydonida amaliy mashg‘ulotlar uchun yangi o‘quv nuqtalari barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Bu yerda endilikda bo‘lg‘usi ofitserlar havo-desant trenajyori, relsda harakatlanuvchi vertolyot va nishonlar, o‘rmon, shahar va batqoqlik sharoitlarida hujum olib borish kabi o‘nlab mashg‘ulot nuqtalarida jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘z mahoratini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Mazkur yangi o‘quv nuqtalari bilim maskanining 4-kurs kursantlari tomonidan ilk marta sinovdan o‘tkazildi. Ular o‘quv mashg‘ulotlariga biriktirilgan ustozlari ko‘rsatmalari asosida jangovar tayyorgarlik ko‘nikmalarini namoyish etishdi. Yangi o‘quv nuqtalarida yong‘in va portlash kabi imitatsion uslublar qo‘llanilib, kursantlar mashg‘ulotlarni haqiqiy jang maydonidagidek o‘tkazishdi.

Vatan himoyachisidek sharafli kasbni tanlagan yigitlar o‘zlariga yaratib berilgan yangi sharoitdagi o‘quv nuqtalarida mashqlarni bajarish jarayonida esankirab qolishmadi. Ayrim tirishqoq kursantlar belgilangan topshiriqlarni mukammal darajada bajarilib, ustozlari tomonidan a’lo baholar bilan taqdirlandilar.

Asror RO‘ZIBOYeV,
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti