Qoraqalpog‘iston va Xorazmda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezident nomidan sovgʻa-salomlar ulashildi

0
1216

Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning bevaqt oʻlimiga, katta yoʻqotishlar va talafotlarga sababchi boʻlgan tarixdagi eng dahshatli qonli qirgʻinlardan biri sifatida muhrlanib qoldi. Millionlab insonlarning yostigʻini quritgan oʻsha dahshatli urushda yurtdoshlarimiz ham tinchlik va yorqin kelajak uchun mardonavor kurash olib bordi, jang maydonlarida mardlarcha qurbon boʻldi, yaralandi, mayib-majruh boʻlib qaytdi. 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortigʻi qahramonlarcha halok boʻldi. Ularning jasorati doim yodimizda, mangu va abadiy yashab keladi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Toʻrtkoʻl tumani hokimligi rahbariyati, shuningdek davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bu yil 99 yoshni qarshi olgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ivan Galenko xonadonida boʻlib, uning holidan xabar olishdi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning urush faxriylariga yoʻllagan tabriknomasi, pul mukofoti hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Ulugʻbek Doʻsmatov, filoyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi general-mayor Davron Nazarmuhammedov, tuman va shahar hokimliklari, mudofaa ishlari boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga davlatimiz rahbarining tabriknomasi, 18 million soʻm pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalarni tantanali ravishda topshirdi.

Viloyat rahbari boshchiligidagi mehmonlar Urganch shahrida istiqomat qiluvchi Sobir ota Qurbonov, qoʻshkoʻpirlik Vafo ota Iskandarov, Yangiariq tumanidan Amin ota Matniyazov, hazorasplik Bekchon ota Matnazarov, Gurlan tumanidan Bobojon ota Madaminov xonadonida boʻlib, ularni yaqinlashib kelayotgan bayram munosabati bilan qutlashdi.

Bugun davlatimiz va xalqimiz tomonidan urush qatnashchilariga koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun urush qatnashchilari Prezidentimizga minnatdorchilik bildirdi, yurtimizga tinchlik, xalqimiz dasturxoni toʻkin boʻlishini qoʻllarini duoga ochib tiladi.

Ayni kunda Xorazm viloyatida salkam bir asrlik tarixning jonli guvohi boʻlgan 5 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi davlatimiz ardogʻi, xalqimizning eʼzozida hayot kechirmoqda. Bayram munosabati bilan ularning har birining xonadonida boʻlib, hurmat ehtirom koʻrsatilmoqda.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida yashab kelayotgan urush faxriysi xonadonida bo‘lishdi. 

Qoraoʻzak tumani A. Dosnazarov ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi, 1925-yilda tavallud topgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Genjemurat ota Allaniyazov yuz yoshga yaqinlashdi. Nuroniy otaxonning holidan xabar olish uchun Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilari hamda tuman mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari tashrif buyurib, uning kayfiyatini koʻtarishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting