“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining mutlaq g‘oliblari aniqlandi

0
2903

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10, 11-sinflarida tahsil olayotgan “Vatan tayanchi” otryad a’zolari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan jamoalar o‘zaro bellashdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida ta’kidlanganidek, yosh avlodni buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, sadoqatli, jismonan baquvvat, bilimli, vatanparvar, barkamol avlod etib tarbiyalashda bu kabi harbiy-sport musobaqalarining o‘rni katta.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022-yil 2-mart kuni tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha shakli va yo‘nalishining yaralishiga asos bo‘ldi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 177 mingdan ortiq o‘quvchilarni qamrab olgan 9 ming 858 ta “Vatan tayanchi” otryadlari tashkil etildi.

Shijoatli bellashuvlar, murosasiz va qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan ushbu harbiy-sport musobaqasida yoshlar “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Duatlon”, “Safda qo‘shiq aytish” va “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli 1-o‘rinni Samarqand viloyati, 2-o‘rin Toshkent shahri va 3-o‘rinni Xorazm viloyati jamoasi qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Xorazm viloyati jamoasi vakilasi Zilola Yarasheva “Mohir mergan”, Toshkent shahri vakili Abdurashid Salimov “Harbiy sportchi” va Samarqand viloyati vakilasi Jasmina Erkinova “Temur tuzuklari bilimdoni” nominasiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining tantanali taqdirlash marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev va boshqalar ishtirok etdi.

Gʻolib va sovrindorlarga diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar berildi. Harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi g‘olibi – Samarqand viloyati jamoasiga mudofaa vaziri kubogini general-mayor Hamdam Qarshiyev tantanali tarzda topshirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan holda uch bosqichda o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari yuksak intellektual bilim va yetuk jismoniy tayyorgarlikka, boy tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi avlodini tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Katta leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti
 

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting