Nukuslik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi

0
544

Ikkinchi jahon urushida 66 ming nafar qoraqalpogʻistonlik ishtirok etgan va ulardan 34 ming nafari janggohlarda halok boʻlgan. Qoraqalpogʻistondan frontga safarbar etilgan 14 mingdan ziyod jangchiga jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari – unvon, orden va medallar berilgan.

Nukus shahridagi Qoʻngʻirot koʻchasi, 6 uyda istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qodirboy ota Normanov bu yil 98 bahorini qarshi oldi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida Qodirboy otaning uyida odatdagidek mehmonlar gavjum. Mehnat jamoalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari kelib Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalaba, dunyoda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorchiliklar bildirib, sovgʻa-salomlar ulashadi. Bu safar ham bayram arafasida mehmonlarning keti uzilmayapti.

Nukus shahar mudofaa ishlari boshqarmasi rahbariyati bilan birga kelgan Nukus harbiy gospitalining malakali mobil tibbiy brigadasi oqsoqolning sogʻligidan xabar olib, unga tegishli tibbiy tavsiyalar berishdi.

Mobil ultratovush hamda EKG, qon bosimi va ichki aʼzolarining tekshiruvi natijalari boʻyicha Qodirboy ota Normanovning sogʻligida jiddiy oʻzgarishlar boʻlmagani bois, uning oila aʼzolariga ovqatlanish ratsioniga eʼtibor qaratish, toza havoda sayr qilish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Tichligimiz, osoyishtaligimizning davomiyligiga oʻz hissasini qoʻshgan Qodirboy ota shu kuni oʻzgacha kayfiyatda boʻldi. Mehmonlar bilan dildan suhbatlashib, tinchlikning qadri qanchalar baland ekanini taʼkidladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting