Ot – yigitning qanoti. Unda chopogʻon shunchaki yugurmaydi, parvoz qiladi. Ham jisman, ham ruhan quloch yoyadi. Kuchiga-kuch, shiddatiga shijoat qoʻshiladi. Shamol shovuriga esh boʻlib, oftob nuridan quvvat oladi.
Harbiy xizmatchilar uchun togʻ va togʻoldi hududlarda belgilangan topshriqlarni bajarishda otlarning oʻrnini hech bir texnika bosa olmaydi. Shaxsiy tarkib, oʻq dori va qurol-aslahalarni belgilangan nuqtaga oʻz vaqtida va oson yetkazishda albatta, ushbu ulovlarning oʻrni beqiyos.
Surxondaryo viloyati Denov tumanida joylashgan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismga qarashli “Alpomish” ot sporti klubining faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham mazkur maqsadlarga xizmat qiladi.
Umumiy maydoni qariyb 2 gektarni tashkil etadigan ushbu majmua jami 20 bosh tulporni parvarishlashga moʻljallangan. Aytish kerakki, barcha qulayliklarga ega maskan endilikda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi otliq boʻlinmalarda xizmat oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirish bilan birga, viloyat yoshlarining ham sohaga doir orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Otlarni saqlash, ularga tibbiy xizmat koʻrsatish, yuvintirish, taqalash, izolyatsiya qilish kabi xonalarda tulporlarni qishki va yozgi mavsumda ham sogʻlom parvarishlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Albatta, bularning barchasi chavandoz harbiylarning oʻz vazifasiga yanada sidqidildan yondashib, qoʻyilgan har qanday topshiriqni sifatli va aʼlo darajada ado etishlari uchun xizmat qiladi.
Zamon talablariga toʻliq javob beradigan, barcha qulayliklarga ega mazkur “Alpomish” ot sporti klubi tantanali tarzda foydalanishga topshirildi. Unda Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, tuman hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, yoshlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Dastlab, mehmonlar yangi majmuaning shart-sharoiti va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Marosimda soʻz olganlar tomonidan ushbu maskan endilikda chavandozlar yurti boʻlgan Surxon vohasida ot sportining yana bir pogʻona rivojlanishi uchun xizmat qilishini alohida eʼtirof etishdi.
Taʼkidlash kerakki, tumanlardan kelgan mingga yaqin yoshlar ishtirokidagi tadbir haqiqiy bayram sayliga aylanib ketdi. Bir tomonda harbiy xizmatchilar, aholi vakillari va yoshlar sportning milliy kurash, tosh koʻtarish, arqon tortish singari bir qancha turlaridan bellashuvlar oʻtkazayotgan boʻlsa, majmua manejida mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan sport texnikalarida koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Bugunning Alpomshlari ot ustida turli saf elementlarini mahorat bilan bajarishi, kamondan nishonlarni bexato yakson etishi, qurol bilan jangovar uslublarni bajaraganini kuzatib turgan yoshlarda harbiy xizmatga ishtiyoq va ot sportiga boʻlgan qiziqish yanada ortdi. Viloyat sanʼatkorlari tomonidan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi sarkardalar siymolari yaratildi.
Viloyatning Uzun, Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi va Oltinsoy tumanlari hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan 6 ta jamoa ishtirokidagi bahslar kim nimaga qodir ekanini amalda isbotlash imkonini berdi. Ot ustida kurash, estafeta, polo, koʻpkari singari bir-biridan murakkab chavandozlik oʻyinlari har bir ishtirokchining yuqori tayyorgarlikka ega ekanini koʻrsatdi. Ot ustida yeldek uchib borayotgan, shiddat bilan zot ayirayotgan oʻgʻlonlar bobolarga munosib voris ekanliklarini isbotladilar. Yakunda gʻoliblar aniqlanib, tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Ishonamizki, ushbu maskan har jihatdan mukammal otliq harbiy boʻlinmalarni tayyorlash hamda respublikamizning ot sporti boʻyicha yana bir pogʻona rivoji uchun oʻzining salmoqli hissasini qoʻshadi.
Janubi-maxsus harbiy okrug matbuot xizmati