Oʻzbekiston mudofaa vaziri Italiya mudofaa vazirini qabul qildi

0
2036

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbanov yurtimizga tashrif buyurgan Italiya mudofaa vaziri Krozetto Gvidoni qabul qildi.

Tenglik, oʻzaro ishonch va hurmat asosida rivojlanib borayotgan ikki davlat aloqalarining rivojlanishi keyingi yillarda yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy va boshqa sohalarda kengayib borayotgan hamkorlikka uygʻun ravishda tinchlik va barqarorlikka tahdid hisoblangan ekstremizm, diniy radikalizm, xalqaro terrorizm hamda boshqa transmilliy xavflarga qarshi kurashishda ham Oʻzbekiston va Italiyaning maqsadlari mushtarak.

Rasmiy qabul marosimi avvalida nufuzli mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi.

Shundan soʻng boʻlib oʻtgan uchrashuvda xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, uning rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasida shtab muzokaralarini oʻtkazish anʼanaga aylangani eʼtirof etildi.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston va Italiyaning harbiy va harbiy-texnik sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari yuqori baholandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti