Harbiy xizmatchilar yashil maydonlar kengayishiga faol hissa qo‘shmoqda

0
888

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 2-noyabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

Unda davlatimiz rahbari tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirildi. Shuningdek, joriy yilning 10-dekabriga qadar daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» e’lon qilindi.

– O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Mudofaa vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu tadbirdan asosiy maqsad mamlakatimiz ekologiyasini toza saqlash, kelgusida mevali daraxtlar hosilidan shu yurt aholisini bahramand qilishdan iborat, – deydi Ohangoron o‘rmon xo‘jaligi noziri Abdug‘affor Shorahmatov. – Bodom daraxti hosilga erta kiradi, boshqa mevali daraxtlarga nisbatan tuproq sharoitiga moslashishi va chidamliligi yaxshi. Qimmat meva turi hisoblangani uchun katta foyda keltiradi. 7-8 yoshli daraxtlardan 8-9 kilogacha hosil olish mumkin. Tog‘li hududlardagi sug‘orilmaydigan (lalmi) nishablikdagi maydonlar, ayniqsa, bodom uchun juda mos keladi. Har 5 gektar maydonda bittadan asalari uyasini joylashtirib, meva yetishtirish bilan birga asal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Bodom daraxti erta uyg‘ongani bois zararkunandalar bilan biologik kurashi oson kechadi. Bodom qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar kabi o‘q ildizga ega bo‘lgan mevali daraxtdir. Quruq tuproq-iqlim sharoitlarida mustahkam shakllana oladi.

– «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Toshkent viloyatining Parkent tumanida mevali va manzarali ko‘chatlarni ekish ishlarini boshladik. Bugungi kunga qadar bodom va archa ko‘chatlaridan iborat bog‘ tashkillashtirish maqsadida «Krasnogorsk» aholi yashash punkti yaqinidagi tog‘ yon bag‘irlariga tutash bo‘lgan besh yuz gektar lalmi yer maydoniga hozirga qadar 10 mingdan ortiq ko‘chat o‘tqazildi, – deydi podpolkovnik Ulug‘bek Toshmurodov.

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar yurtimiz bo‘ylab jadal sur’atda amalga oshirilmoqda.

Sherzod ShARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti