“Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining okrug bosqichi boʻlib oʻtdi

0
1721

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri aholi dam olish markazida “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda okrugning Buxoro va Qashqadaryo yoʻnalishidan hamda markazga boʻysunuvchi harbiy qismlardan saralangan 6 ta oila oʻzaro bellashdi.

“Oilam mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim dilbandim”, “Sanʼatim — saodatim” kabi shartlar boʻyicha oʻz bilim va salohiyatlarini namoyon qilish uchun oilalarning har bir aʻzolari oʻz hissalarini qoʻshdi. Ayniqsa, mitti ishtirokchilar tomonidan namoyish etilgan chiqishlar tomoshabinlar hayratiga sabab boʻldi.

Oilalar tomonidan kuylanayotgan qoʻshiqlar, milliyligimizni aks ettirgan ibratli sahna koʻrinishlari, sportchi farzandlar tomonidan namoyish qilinayotgan koʻrgazmali chiqishlarni kuzatib, harbiy oilalarda hamjihatlik bilan bir vaqtda sogʻlom turmush tarzi ham mukammal rivojlanib borayotganiga guvoh boʻladi kishi.

Bellashuvlarni shaffof tarzda baholab borgan hakamlar hayʻati aʻzolariga ko‘ra, 3-oʻringa Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismdan tashrif buyurgan Xaliqulovlar oilasi loyiq topildi. Nishon tumani Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismdan kelgan Oqmirzayevlar oilasi 2-oʻrin, ushbu manzilda faoliyat olib borayotgan yana bir harbiy qism vakillari — Shukurovlar oilasi faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, musobaqada Markazga boʻysunuvchi harbiy qismlar oʻrtasida 1-oʻrinni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtidan Yoʻlchiyevlar oilasi egalladi.

Gʻolib va sovrindor oilalar okrug qoʻmondonligi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati