“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Xorazm viloyati bosqichi g‘oliblari nomi ma’lum bo‘ldi

0
785

Urganch shahridagi koʻrkam “Yoshlar” sport majmuasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Xorazm viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Xorazm viloyati bosqichi oʻtkazildi.

Musobaqada 12 ta tuman va shahar bosqichida gʻolib boʻlgan maktablarning yuqori sinflarida tahsil olayotgan oʻquvchilaridan iborat 13 ta jamoa shiddatli bahslarda oʻzaro kuch sinashdi.

Musobaqa nizomiga koʻra bellashuvda har jamoadan 7 nafar oʻgʻil va 3 nafar qiz bolalar ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasining “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari aʼlochisi”, “Safda qoʻshiq aytish” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan shartlarda o‘quvchi yoshlar o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etdi.

Gʻolib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirok etib, oʻsib kelayotgan yosh avlod uchun mamlakatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoʻlida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni eʼtirof etdi. 

Yakuniy natijalarga koʻra, barcha shartlar boʻyicha yuqori natija koʻrsatgan Qoʻshkoʻpir tumanidagi 16-son maktabning “Jaloliddin Manguberdi” jamoasi shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Xiva shahridagi 18-son maktabning “Yosh qalqon” jamoasiga ozgina imkoniyat yetmadi va ular faxrli ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq gʻolibiga esa Xazorasp tumanidan kelgan 22-son maktabning “Amir Temur” jamoasi aylandi va yakuniy bosqichda mudofaa vaziri kubogini Xorazmga olib kelish uchun bellashuvlarda ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindor jamoalar tashkilotchilarning tegishli darajadagi diplom, kubog, medal, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Tadbirda Urganch harbiy prokuratura vakillari, umumtaʼlim maktab oʻquvchilari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining oʻquv-sport texnika klublari tomonidan namoyish etilgan sport texnikalari koʻrgazmasi yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati