Namanganda tematik sinflar foydalanishga topshirildi

0
486

Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism tashabbusi bilan Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 69-umumiy o‘rta ta’lim maktabida buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari aks ettirilgan tematik sinflar tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Tadbirda harbiy-ma’muriy sektor rahbarlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda hakorlikdagi davlat va jamoat vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, stendlar va zamonaviy tarzda jihozlangan “Buyuk sohibqiron Amir Temur” va “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” sinflarining tantanali ravishda marosimi davomida harbiy xizmatchilar va yoshlarning ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi, bir-biridan qiziq ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Suhbat davomida ilg‘or harbiy xizmatchilar o‘quvchi yoshlarga Amir Temur va Jaloliddin Manguberdining davlat boshqaruvidagi mahorati, sarkardalik qobilyati, jasorati, harbiy yurishlari haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.

Yakunda ustozlar va faol o‘quvchi yoshlarga qism komandirining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mayor Farruhbek Sotvoldiyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti