“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi oʻtkazildi

0
696

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashining qoʻshma qaroriga asosan mamlakatimizdagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadlariga aʼzo boʻlgan bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi mana uch yildirki yoshlarda harbiylikka havas uygʻotib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshmoqda.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining negizida oʻtkazilgan musobaqaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi 17 ta shahar va tumanlardan eng sara jamoalarni saflab berdi. Oʻquvchilardagi hayajon, gʻalabaga boʻlgan shijoati, harbiycha qatʼiyat bellashuvning har bir shartida yaqqol koʻzga tashlanib turdi.

Har bir jamoa aʼzolari oʻzgacha harbiy liboslarda safda magʻrur turib, gʻalaba uchun oʻzlarini ruhan tayyorlashdi. Qatʼiy intizom va gʻalabaga boʻlgan kuchli ishtiyoq bellashuvning har soniyasini his-hayajonga toʻldirdi.

 

Musobaqaning ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Ismoil Qurbonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi aʼzolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiruvga qadar yoshlarni tayyorlash fani oʻqituvchilari va oʻquvchilar qatnashdi. Soʻzga chiqqanlar musobaqa ishtirokchilariga zafarlar yor boʻlishini tiladi.

Musobaqa nizomiga koʻra bellashuvda har bir jamoadan 7 nafar oʻgʻil va 3 nafar qiz bolalar ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasining 1-shartiga muvofiq yoshlar pnevmatik miltiqdan nazorat otish mashqi orqali merganlik mahoratini namoyish etdi.

“Harbiy estafeta” deb nomlangan 2-shartda ishtirokchilar avtomatni notoʻliq qismlarga ajratishi va yigʻishi, gazga qarshi niqobni kiyishi va yuk avtomobilining gʻildiragini aylantirib yugurishi kerak boʻldi. Bu shartda jamoadan 4 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Musobaqaning 3-shartida (“Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”) ikki nafar ishtirokchi 50 metr masofaga zambilni koʻtargancha yuguradi va marrada yotgan shartli jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatadi. Shundan soʻng jabrlanuvchini zambilga ortib, finish tomon yuguriladi.

Navbatdagi “Duatlon” shartida har jamoadan ikki nafar ishtirokchi oʻrta masofaga yugurushi va velosiped haydashi oʻrin olgan.

“Safda qoʻshiq aytish” deb nomlangan keyingi shartda jamoalar safda shahdam qadamlar bilan yurib, harbiycha qoʻshiqlarni jonli ijro etishi belgilangan.

“Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan ohirgi shartda oʻquvchilar 5 tadan savolga javob berishi va ularning har biri uchun qoʻshimcha ball egallashi mumkin boʻldi.

Musobaqaning har bir shartida vaqt mezoni bilan adolatli baholash mexanizmi asosida ishtirokchilarning xatti-harakati baholab borildi.

Musobaqaning yopilish marosimida nutq soʻzlagan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov bugungi kunda mamlakatimiz yoshlariga boʻlayotgan eʼtibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi yutuqlarni eʼtirof etib, harbiy okrug hududida mana shunday tadbirlarni oʻtkazish uchun barcha sharoitlar bundan keyin ham yaratib berilishini taʼkidladi.

Nihoyat hayajonli damlar yetib keldi. Dastlab musobaqa shartlarida alohida koʻrsatgichlarga erishgan oʻquvchi-yoshlar va jamoalar taqdirlandi. Unga koʻra “Eng kuchli sportchi”, “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Mohir mergan” kabi bir qator nominatsiyalar boʻyicha yoshlar yakkalik va jamoaviy tartibda mukofotlandi.

Yakuniy natijalarga koʻra, barcha shartlar boʻyicha yuqori natija koʻrsatgan Kegeyli tumani 41-son maktabining “Lochinlar” jamoasi shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Oʻtgan yilgi mavsumda musobaqaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Nukus tumanidagi 31-son maktabining “Akmangʻit” jamoasiga bu safar ozgina imkoniyat yetmadi va ular faxrli ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq gʻolibiga esa Qonlikoʻl tumani 2-son maktabining “Lochin” jamoasi aylandi.

Taqdirlash marosimida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplomlar, fahriy yorliqlar hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati