Qashqadaryoda shartli yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikdagi mashg‘ulotlar o‘tkazildi

0
620

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Qarshi garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi hamda Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda shartli yong‘inni bartaraf etish va bino ichida qolgan insonlarni evakuatsiya qilish tadbiri o‘tkazildi.

Tungi vaqtda tibbiy maskanning uchinchi qavatida yuzaga kelgan shartli yong‘inni avvalo Qarshi gospitali yong‘in o‘chirish guruhi bartaraf etishga kirishdi. Shundan so‘ng Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Tezkor boshqaruv markazi xodimlari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 2-yong‘in-qutqaruv qismidan bitta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi hamda boshqarma maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadidan bitta bo‘linma ko‘makka yetib keldi.

Yong‘in mutaxassislar tomonidan tezda bartaraf etilib, shartli bemorlar voqea joyidan xavfsiz hududga olib o‘tildi. Jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Tadbir yakunida gospital shaxsiy tarkibiga texnika xavfsizligiga amal qilish, kuz-qish mavsumida is gazidan zaharlanishni oldini olish kabi mavzuga doir bir qator masalalarda tushuntirish ishlari olib borildi.

«Olov – tilsiz yov» shiori ostida tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — har qanday ehtiyotsizlik sabab yong‘in yuzaga kelishi mumkinligi borasida ogoh bo‘lishga chaqirish.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati