Maktab bitiruvchilari “Nukus” poligonida amaliy o‘q otish mashqlarini bajardi

0
826

Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi umumtaʼlim maktablarini tamomlayotgan 11-sinf oʻquvchilari Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tasarrufidagi “Nukus” umumqoʻshin poligonlarida bir kunlik boshlangʻich harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtab, quroldan amaliy oʻq otish mashqini bajarmoqda.

Yoshlarning dastlabki harbiy tayyorgarlik boʻyicha amaliy mashgʻulotlarini kuzatish uchun “Nukus” umumqoʻshin poligoniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev tashrif buyurdi.

Joʻqorgʻi Kengesi raisi mashgʻulot oldidan safda magʻrur turgan yurtimizning kelajakdagi himoyachilarini qutlab, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda xalqimiz tarixiga va maʼnaviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuygʻusini shakllantirish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini taʼminlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni oʻtashga tayyorlash tizimini isloh qilish natijasida yoshlarni harbiy xizmatga qadar tayyorlashning tizimini yanada rivojlantirishga erishilganini eʼtirof etdi.

Yoshlarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov qutlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Joʻqorgʻi Kenges raisi tomonidan qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun juda katta imkoniyatlar yaratilayotgani, ular tufayli bugun oʻgʻil-qizlarimiz yuksak marralarni zabt etayotganini taʼkidladi. 

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Ahmed Narimbetov, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari ishtirok etdi.

Poligonlarda yaratilgan oʻquv nuqtalarida malakali ofitser va serjantlar rahbarligida yuqori sinf oʻquvchilarining jangovar qurollar bilan muomala qilishi, ulardan foydalanishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishi boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etilmoqda. Oʻquv nuqtalarida granatalarni uloqtirish, avtomat oʻqdonini patron bilan oʻqlash, aniq moʻljalga olishni oʻrganish, turli holatlardan qurolni otishga tayyorlash, avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarilyapti.

Birinchi marotaba quroldan amaliy oʻq otish mashqlarini bajargan yoshlar 100 metr uzoqlikda turgan nishonlarga qarata 3 donadan oʻq uzib, maktabda oʻtilgan chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlikdan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlash imkoniga ega boʻlyapti.

Mashgʻulotlar doirasida oʻrganuvchilarga jangovar texnika va oʻqotar qurol namunalari koʻrgazmasi ham tashkil etilmoqda. Haqiqiy qurollar bilan tanishuv, ularning jangovar imkoniyatlari va texnik tavsifi haqidagi maʼlumotlar, boʻlajak yurt himoyachilarida katta tassurotlar qoldirmoqda.

Mehmonlar oʻquvchilarning oʻq otish hamda jangovar tayyorgarlikning boshqa amaliy mashgʻulotlarini kuzatishdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati